Sport | 22:51 / 29.01.2016
4220
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq U-23 Osiyo chempionatida 3-o‘rin uchun bahsda Qatarni yengdi va Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdi

29 yanvar kuni U-23 Osiyo chempionatida Iroq va Qatar olimpiya terma jamoalari o‘rtasida uchinchi o‘rin uchun bahs kechdi. Bu bahs yakunida Iroq olimpiya terma jamoasi mezbonlarni yengib, Rio-2016 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Qatarliklar birinchi bo‘limni juda yaxshi o‘tkazishdi. Musobaqa to‘purari Ahmad Alauddin uchrashuvning 27-daqiqasida hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Ahmadning turnirdagi 6-goli bo‘ldi. Ushbu goldan keyin ham mezbonlar darvozani ishg‘ol qilish uchun bir nechta imkoniyatlarga ega bo‘ldi, ammo ulardan foydalana olmadi. Jumladan Ahmad Afif yakkama-yakka vaziyatdan darvozani ishg‘ol qila olmadi.

Ikkinchi bo‘limda esa Iroq asta-sekin bosimni oshirib borgan bo‘lsa, Qatar hisobni ushlab qolishga harakat qildi.

O‘yinning asosiy vaqti tugashiga 4 daqiqa qolganida maydon markazidan yetkazilgan uzatmani Muhannad Abdulrahim bosh bilan darvozaga joyladi - 1:1.

Qo‘shimcha bo‘limlarning ikkinchisida Ayman Hussayn bosh bilan zarba berib, Iroqni hisobda oldinga olib chiqdi - 1:2.

Shundan so‘ng, qatarliklar hisobni tenglashtirish uchun ikkita imkoniyatga ega bo‘lishdi. Abdulkarim Hassanning bosh bilan bergan zarbasi to‘singa tegib qaytgan bo‘lsa, Muntariy 4-5 metrdan darvozani ishg‘ol qila olmadi.

Shu tariqa, o‘yinda hisob o‘zgarmadi va Iroq olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionatining bronza medali bilan birga Rio-2016 olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston olimpiyachilari o‘rin olgan "S" guruhining ikki vakili yakunda Braziliya maydonlarida o‘tkaziladigan olimpiada yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Yoshlar (U23) o‘rtasida Osiyo chempionati
3-o‘rin uchun o‘yin
Qatar - Iroq - 1:2
Gollar: Ahmad Alauddin (27) — Muhannad Abdulrahim (86), Ayman Hussayn (109)

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish