Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Luis Enrike: Agar "Atletiko"ga qarshi o‘yinda Neymarni maydonga tushirmasam, meni o‘ldirishadi
"Barselona" jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike "Atletiko"ga qarshi o‘yindan oldin matbuot anjumani vaqtida jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
"Biz bu o‘yinga katta ishtiyoq bilan tayyorlandik. Ular bizning turnir jadvalidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibimiz hisoblanishadi. Bu chempionlik kurashidagi muhim o‘yin hisoblanadi. Ayni vaqtda ikki jamoa ham chempionlik uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgan, ikki jamoa ham natijalari borasida va futbolchilarning holati bo‘yicha chempionlikka loyiq o‘yin ko‘rsatmoqda. Barcha bizdan yaxshi o‘yin namoyish qilishimizni kutmoqda va "Kamp Nou" ertaga muxlislar bilan to‘ladi", deydi murabbiy.
U Neymar va Albaning jarohatdan forig‘ bo‘lgani haqida aytgan.
"Uning oyog‘iga zarba berishgandi ("Atletik"ka qarshi kubok doirasidagi o‘yinda - tahririyat izohi). Uni "Atletiko"ga qarshi o‘yinda maydonga tushirish - tavakkal qilishdir. Lekin uni tushirmasam ham menga yaxshi bo‘lmaydi - shunchaki aytganda, meni o‘ldirishadi. Neymar bunday kichik jarohatlar tufayli yotib oladigan futbolchi emasligini bilishadi. Shuning uchun ham u bu o‘yinda maydonga tushadi", deydi Enrike.
Undan "Atletiko" bilan o‘yin mavsum chempionligini aniqlab berishi mumkinligi haqidagi fikrga munosabatini so‘rashgan.
"Turnir jadvalining yuqori qismidagi raqobat mavsum oxirigacha saqlanib qolsa kerak. Ertangi o‘yin natijasi qanday bo‘lishidan qat'i nazar, keyingi o‘yinlarda har ikkala jamoa ham ochko yo‘qotishdan saqlana olmasligi mumkin. Istalgan jamoa bizning hayotimizni og‘irlashtirishi mumkin. Oldinda uzoq yo‘l turibdi hali. Ertangi o‘yin barchasini hal qilmaydi", deydi murabbiy.