Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Reuters: A321 bortiga bombani IShID a'zosi hisoblangan EgyptAir mexanigi joylashtirgan
Reuters agentligi axborot manbasining ma'lumotlariga ko‘ra, hukumat Rossiyaning A321 samolyotiga bombani EgyptAir aviakompaniyasi mexanigi joylashtirganini gumon qilmoqda.
Vaziyatdan boxabar axborot manbasining xabariga ko‘ra, EgyptAir ishchisi IShIDdan olgan portlovchi qurilmani samolyot bortiga joylashtirgan. Uning egizak akasi esa Suriyada IShID terroristlari safida jang olib bormoqda.
“Unga hech qanday savol bermasdan bombani samolyot bortiga joylashtirish aytilgan”, - dedi axborot manbasi.
Bundan tashqari, teraktga shubhali buyumni samolyot bortiga olib chiqilishiga ko‘z yumgan ikki politsiyachi ham suroq qilinmoqda. Xabarlarga ko‘ra, mazkur ish yuzasidan to‘rt kishi qo‘lga olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 31 oktabr kuni Misrning Sharm-al-Shayx shahridan Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga parvoz qilayotgan “Kogalymavia” aviakompaniyasiga tegishli Airbus A321 samolyoti Misrning Sinay yarim oroli hududida halokatga uchragan edi. Ushbu hodisa natijasida samolyot bortidagi barcha 217 yo‘lovchi hamda yetti nafar ekipaj a'zosi halok bo‘lgan.
17 noyabrga kelib FXX samolyot bortida terakt sodir etilganini tasdiqladi.