Sport | 12:32 / 31.01.2016
6412
2 daqiqa o‘qiladi

Boks bo‘yicha jahon chempionlari Kovalyov va Stivenson Monrealda dahanaki jang uyushtirishdi

Boks bo‘yicha 79,38 kg gacha vazn toifasida WBA, WBO va IBF talqinlari bo‘yicha jahon chempioni rossiyalik Sergey Kovalyov va shu vazn toifasida WBC talqini bo‘yicha jahon chempioni kanadalik Adonis Stivenson Kovalyovning Monrealdagi jangidan keyin dahanaki janjallashib ketishdi.

Kovalyov 31 yanvarga o‘tar kechasi Monrealda kanadalik Jan Paskalni texnik nokaut bilan 7-raundda mag‘lub etdi.

Kovalyov ringda g‘alabasini nishonlayotib, "Endi men Adonis Chikensonning tazirini berib qo‘ymoqchiman", deb aytdi. Jangga tashrif buyurgan Stivenson bundan achchiqlanib, ringga chiqib, Kovalyovga "Men haqiqiy chempionman" deb tashlanib ketgan. Qo‘riqchilar ular orasida mushtlashuv chiqishiga yo‘l qo‘yishmagan.

Avvalroq Kovalyovning promouteri Keti Duva Stivensonga qarshi jang bo‘yicha muzokaralar yakunlangani va ular orasida jang bo‘lib o‘tmasligini ma'lum qilgandi. 

Rossiyalik bokschining hisobida 29 ta g‘alaba (26 tasi nokaut bilan) va bitta durang bilan yakunlangan jang bor.