Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Di Kaprio yangi roli uchun AQSh aktyorlar gildiyasi sovriniga sazovor bo‘ldi
Leonardo Di Kaprio “Omon qolgan” filmidagi mahoratli ijrosi uchun sovrinlar to‘plashda davom etmoqda. Bu safar u AQSh kinoaktyorlar gildiyasi tomonidan ushbu kinoda jonlantirgani Xyu Glass obrazi uchun eng yaxshi erkak roli mukofotini oldi.
O‘z navbatida, ayollar orasida eng yaxshi natijani Bri Larson “Xona” filmidagi Joy Nyus obrazi bilan qayd qildi.
O‘tgan hafta Di Kaprio va Larson AQSh kinotanqidchilarining Critics Choice Awards mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.
Kinoaktyorlar gildiyasi boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham sovrindorlarni e'lon qildi.
“Eng yaxshi aktyorlik tarkibi” mukofotini “Daunton abbatligi” seriali ijodkorlari qo‘lga kiritdi.
Gildiya filmlar va seriallarni alohida baholamaydi, shu bois ushbu nominatsiya eng nufuzlisi hisoblanadi. Mazkur nominatsiyada “Daunton abbatligi” mashhur “Taxtlar o‘yini” serialini dog‘da qoldirdi.
“Badiiy filmdagi eng yaxshi aktyorlik tarkibi” mukofotini “Diqqat markazida” kartinasi qo‘lga kiritdi.
“Komediya serialidagi eng yaxshi aktyorlik tarkibi” nominatsiyasida “Qizg‘ish – mavsum xiti” seriali, “Dramatik serialdagi eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida Kevin Speysi “Qartali uy” filmidagi obrazi tufayli g‘olib bo‘ldilar.
“Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor” deb “Naslsiz hayvonlar” filmidagi ijrosi uchun Idris Elba, “Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa” deb esa “Daniyalik qiz” filmidagi ijrosi uchun Alisiya Vikander topildilar.
“Dramatik serialdagi eng yaxshi aktrisa” deb Viola Devis “Qotillik jazosidan qanday qochish mumkin” filmidagi ijrosi uchun, “Komediya serialidagi eng yaxshi aktrisa” deb esa Uzo Aduba “Qizg‘ish – mavsum xiti” serialidagi ijrosi uchun hisoblandilar.