Jahon | 08:05 / 31.01.2016
2976
1 daqiqa o‘qiladi

Misr ichki ishlar vazirligi A321 samolyoti falokati bo‘yicha hibsga olishlar amalga oshirilgani haqidagi xabarlarni inkor etdi

Misr ichki ishlar vazirligi Rossiyaning A321 samolyotining Sinay yarimorolida falokatga uchrashi yuzasidan hibsga olishlar amalga oshirilgani haqidagi xabarlarni inkor etdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.  

"OAVdagi oxirgi uydirmalarga qaramasdan, biz Metrojet samolyotining falokati sabablarini tergov qilish bilan bog‘liq qandaydir hibsga olishlar amalga oshirilganini qat'iyan inkor eta olamiz", deb aytildi Misr IIVda.

Avvalroq Reuters axborot agentligi o‘z manbalariga tayangan holda Misr hukumati A321 samolyoti bortiga portlovchi qurilma olib o‘tishda EgyptAir aviakompaniyasining mexanikini gumon qilayotganini ma'lum qilgandi. 

2015 yil 31 oktabrda Rossiyaning "Kogalymavia" aviakompaniyasining Airbus A321 yo‘lovchi layneri Sharm-al-Shayhdan Sankt-Peterburgga parvoz qilayotganda Sinay yarimoroli ustida falokatga uchragan. Samolyotda 217 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan. Ularning barchasi halok bo‘lgan.