Jahon | 23:40 / 31.01.2016
6680
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya hukumati o‘z fuqarolariga har oyda 2 ming yevrodan berishni muhokama qilmoqchi

Shveytsariya hukumati o‘z fuqarolariga ular ishlashi yoki ishlamasligidan qat'iy nazar har oyda 2500 shveysar frankidan (2250 yevro) berish tashabbusini muhokama qilmoqchi. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda.

Agar bu tashabbus ma'qullansa, Shveytsariya fuqarolari har oy qat'iy daromad oladigan birinchi davlat bo‘ladi. Bu masala bo‘yicha ovoz berish jarayoni iyulda bo‘lib o‘tishi kerak.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, tashabbus Shveytsariyaning demografiya instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asoslangan. So‘rovnomaga ko‘ra, mamlakatning ko‘pchilik aholisi qo‘shimcha daromadni olishlariga qaramasdan ishlashda davom etaveradilar yoki ish topishga harakat qiladilar.

Faqatgina 2 foiz shveysariyalik ishdan ketishini, 8 foizi esa "ishdan ketish imkoniyatini sharoitlardan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqishini" ma'lum qilgan. Shu bilan birga, 56 foiz aholining fikricha, hukumat ushbu tashabbusni ma'qullamaydi.

Ta'kidlanishicha, tashabbusda bolalarga 500 yevroga yaqin pul to‘lanishi belgilangan.