19:41 / 01.02.2016
15867

Jizzax viloyatida Arnasoy ko‘li sohilida zamonaviy kempinglar qurildi

Jizzax viloyatining Qizilqum va Nurota tog‘ tizmalari oralig‘ida joylashgan Arnasoy ko‘li sohilida zamonaviy kempinglar qurildi.

Kempinglar Arnasoy tumani Qizilqum qishlog‘i yaqinidagi Arnasoy ko‘li sohilida 20 kishiga mo‘ljallab barpo etildi. Shuningdek, xuddi shuncha sayyohlarga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘tov-mehmonxonani qurish ishlari ham olib borilmoqda.

Qizilqum va Nurota tog‘ tizmalari oralig‘ida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi yurtimizdagi nodir o‘simliklar va hayvonot olami saqlanib qolgan hudud hisoblanadi. Ko‘llar va ularning sohillarida O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar va qushlar yashaydi.

Dam olish maskanida sayyohlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu yerda ular baliq tutishi, qush ovlashi va Qizilqumning betakror tabiati bilan tanishishi mumkin. Qumda harakatlanuvchi qayiqlar va avtomobillar ham keltirilmoqda.

Joriy yilda yana bir nechta shunday dam olish maskanlari qurilishi rejalashtirilgan.

Akmal Binokulov, Kun.uz jamoatchi muxbiri,
Jizzax viloyati
Top