Jamiyat | 17:36 / 01.02.2016
9589
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov ishtirokida doston kechasi tashkillashtirildi

29 yanvar kuni "OXUS Culture" tashkiloti hamda O‘zbekiston Davlat San'at muzeyi hamkorligida O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar Poyonov ishtirokida doston kechasini tashkillashtirdi. Ushbu kechada o‘zbek xalq an'anaviy dostonlaridan bo‘lmish “Kelinoy” dostoni ijro etildi.

Abdunazar baxshi ijro dasturidan “Alpomish” va “Go‘ro‘g‘li” dostoni turkimiga kiruvchi bir qancha dostonlar, shuningdek, doston ijrochiligi yo‘lidagi xalq qo‘shiqlari, termalar o‘rin olgan bo‘lib, uning ijrosidagi bir qancha doston va qo‘shiqlar O‘zbekiston teleradiokompaniyasi oltin fondidan o‘rin olgan.

Shu kunga qadar Abdunazar baxshi Poyonov Fransiya, Belgiya, Shveytsariya, Tayvan, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarida o‘z ijodini namoyish etib, o‘zbek xalq baxshichilik an'analarini dunyo xalqlari orasida munosib targ‘ib qilib kelmoqda.
U kuylagan dostonlarda ajdodlarimiz ijtimoiy-madaniy hayoti, milliy an'ana va urf-odatlarimiz, insoniylik bilan yo‘g‘rilgan o‘zbekona mintalitetimiz, umuman, shu zaminda yashagan xalqlar tarixi madaniyati aks etib turibdi.