20:18 / 02.02.2016
4761

Toshkentda ishbilarmon ayollar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida “Tadbirkor — yil ayoli” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi va unda 7 nafar ishtirokchi qatnashdi.

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani koordinatori Qimmatxon Sultonovaning ma'lumot berishicha, bugungi kunda hududda tadbirkor ayollar safi kengayib bormoqda. Ular ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, hunarmandlik, kasanachilik, tikuvchilik, sartaroshlik va boshqa sohalarda munosib mehnat qilmoqda. Ma'lumot uchun aytib o‘tish joizki, tuman tadbirkor ayollar yetakchisining o‘zi ham tadbirkor ayollar safida. U 2006 yildan beri sport buyumlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ushbu sohada aytishga arzigulik muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda. Xususan, 2014 yilda bo‘lib o‘tgan “Tadbirkor — yil ayoli” ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida mutlaq g‘olib bo‘lib, yuz million so‘mlik imtiyozli kredit olish uchun sertifikatni qo‘lga kiritgan.

"Ushbu ko‘rik-tanlovga tumandagi ishsiz, bandligi ta'minlanmagan ayollarni ham jalb qilganmiz. Maqsad tadbirkor ayollarni birlashtirish orqali sog‘lom turmush tarzini shakllantirish. O‘ylaymanki, har bir xotin-qiz tadbirdan o‘ziga kerakli ma'lumotlarga ega bo‘ladi, tadbirkorlik faoliyatida o‘zini sinamoqchi bo‘lgan ayollar safi yanada ko‘payadi", deydi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dildora Obidova.

"Faoliyat turim asosan tikuvchilik yo‘nalishi. Bu ish bilan 15 yildan beri shug‘ullanaman, Hunarmandlar uyushmasining a'zosiman, 5 ta shogirdim bor, birgalikda ish olib boramiz", deydi yakka tartibdagi tadbirkor Gulshan Eshmurodova. 

"Ayollar sartaroshiman, o‘z ishimni juda sevaman. “Ziyo nur” o‘quv markazida malakamni oshirganman, yaxshi ustozlar qo‘lida ish o‘rgandim, 5 yildan beri shu sohada ishlab kelmoqdaman", deydi ishtirokchi Arofat Jumayeva.

Hay'at a'zolari tadbirkor ayollar tomonidan ko‘rgazmaga qo‘yilgan tayyor mahsulotlar namunalari bilan tanishgandan so‘ng, ishtirokchilar 4ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Ularni hakamlar hay'ati kuzatib, baholab borishdi. Ko‘rik-tanlov shartlariga ko‘ra, eng ko‘p ball to‘plagan yakka tartibdagi tadbirkor Gulshan Eshmurodova birinchi o‘ringa loyiq deb topildi va tanlovning shahar bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Top