19:00 / 04.02.2016
3144

Agent: Braziliya hukumati Leonardoni "Anji"ga qo‘yib yubormayapti

Mahachqal'aning “Anji” klubi a'zosi Leonardo jamoaning Ispaniyadagi Marbelya shahrida o‘tkazilayotgan ikkinchi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga uchib bora olmadi. Chunki Braziliya sudi hanuzgacha futbolchining ishi bo‘yicha yakuniy hukm chiqarmagan va unga mamlakatni tark etishni taqiqlagan. Bu haqida futbolchining agenti Dmitriy Selyuk TASS nashriga xabar qilgan.

Avvalroq OAVda “Anji”ning 23 yoshli futbolchisi avtohalokat uchragani va oqibatda 36 yoshli Jusiana Godot dus Santos halok bo‘lgani haqida ma'lumotlar tarqagandi. Futbolchi uning o‘limiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Leonardo jamoasining BAAdagi birinchi yig‘inini ham o‘tkazib yuborgandi.

"Bu juda chigal vaziyat. Hech qanday aniq dalillar yo‘q. Futbolchi jamoasining yig‘inlarini o‘tkazib yubormasligi kerak. Braziliyada unga shunchaki ruxsat berishmayapti. “Anji”, menimcha, u bilan shartnomani uzmoqchi emas va futbolchining qarorini kutmoqda. Lekin futbolchi Mahachqal'aga uchib kela olmayapti”, deydi Selyuk.

"Vaziyat keyingi haftaga aniq bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi agent.

Ma'lumot uchun, "Anji" klubinning matbuot xizmati ham bu ma'lumotni tasdiqladi. Leonardo “Anji” tarkibida 10ta o‘yin o‘tkazib, bir gol va bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Futbolchi bilan klubning amaldagi shartnomasi shu yilning 30 iyunida nihoyasiga yetadi.

Top