Jahon | 22:14 / 05.02.2016
5379
2 daqiqa o‘qiladi

Dovudo‘g‘li: Halabdan qochib chiqqan 15 mingga yaqin kishi Turkiya chegarasiga yetib kelgan

Suriya shimolidagi qamal xavfi ostida qolgan Halab shahrini tashlab chiqqan tinch aholi vakillari Turkiya bilan chegarada to‘plangan. Bu xabar Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li tomonidan tasdiqlangan.

"Afsuski, Halab ham xuddi Mo‘sul kabi deyarli vayron bo‘ldi. Ayni vaqtla bu shahardan qochib chiqqan 15 mingga yaqin kishi bizning chegaralarimiz yaqinida turibdi", deydi vazir Midyat shahrida mahalliy amaldorlar bilan uchrashuv vaqtida.

Dovudo‘g‘li 4 fevral kuni Suriya aholisiga ko‘mak ko‘rsatish uchun tashkil qilingan London konferensiyasi vaqtidagi chiqishida Suriya bilan chegara hududdagi Kilis shahrida urushlardan qochib o‘tgan 10 ming suriyalik yashayotgani, yana 60 mingga yaqin qochoq kelishi kutilayotgani haqida aytgandi.

"Ayni vaqtda Turkiyaning turli hududlarida 2,5 mln qochqin joylashgan. Kilis aholisining faqat 40 foizlik qismi turklar hisoblanadi. Bizda suriyaliklar joylashtirilmagan shahar qolmagan. Ular Halab va Madayi shaharlarining bombardimon qilinishi boshlanishidan keyin o‘limdan qochib kelishmoqda", degandi u.

Biroz oldinroq, internetda muxolif kuchlar nazoratida bo‘lgan Halabga Rossiya ko‘magida Suriya hukumati armiyasi yurish qilishi haqidagi xabarlar tufayli minglab kishilar shaharni tark etib chiqishgani tasvirlangan video paydo bo‘lgandi.