Sport | 18:03 / 05.02.2016
20218
4 daqiqa o‘qiladi

Krishtianu Ronaldu 31 yoshda. Bolalik, hayot va futbol yo‘li

Portugaliyalik yulduz bugun, 5 fevral kuni 31 yoshini qarshiladi. U 1985 yilda Madeyradagi qashshoq oilada dunyoga kelgan. "Real"ning bo‘lajak yulduzi va bo‘lajak millioner oilada akasi Ugu va ikki opasidan keyingi to‘rtinchi farzand bo‘lgan. Va bu bolalarning barchasi bitta xonada yashashgan.

Krishtianu 8 yoshdaligida uning asosiy kasbi bog‘bon, kechki vaqtda bolalarga murabbiylik qiladigan otasi "Andorinya"ga chaqiradi. U bu yerda 2 yil shug‘ullangach, Madeyraning asosiy jamoasi "Nasonal"ga o‘tadi.

Ronaldu 11 yoshga chiqqanida, uni Lissabonning "Sporting" jamoasiga ko‘rikka chaqirishadi. 3 kun o‘tib, poytaxtlik murabbiylar "haqiqiy javohir"ni qo‘lga kiritishganini anglab yetishadi. Krishtianuga bu yerda "Asalari" deb laqab qo‘yishadi, chunki u to‘pga yopishib olib, uni hech kimga bergisi kelmasdi.

14 yoshida unda o‘tish davri bilan bog‘liq bir qancha muammolar yuz bergan. Bir safar u o‘qituvchi o‘ziga hurmat bilan munosabatda bo‘lmagani uchun unga stul uloqtirgan. 15 yoshida uning yuragida muammo aniqlangan va u futbolni tark etishiga bir baxya qolgan. Yosh futbolchining yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi va muvaffaqiyatli yakunlanadi. Operatsiyadan bir necha kun o‘tib, u mashg‘ulotlarga oshiqqan.

2002 yilda "Sporting"ning asosiy jamoasida o‘ynay boshlagan futbolchi 2003 yilda ser Aleks Fergyusonning nazariga tushadi va tumanli albionga yo‘l oladi.

U 2004 yilgi Yevropa chempionatiga va 2006 yilgi jahon chempionatiga Portugaliya terma jamoasini sardor sifatida boshlab boradi. Bu orada (2005 yilda) uning otasi Dinish Aveyru ichkilik tufayli kelib chiqqan xastalikdan vafot etadi.

"Manchester Yunayted"da yulduzli davrlarni boshdan kechirgan Ronaldu 2009 yilda, o‘zi bilan bir vaqtda dunyo futboli muxlislarini hayratga solayotgan Lionel Messi bilan chinakam raqobatga kirishish uchun Ispaniyaga, Messi jamoasining asosiy raqibi "Real" safiga o‘tadi.

Ronaldu ayni vaqtda onasi Mariya Doloresh dush Santush Aveyru va o‘g‘li Krishtianinyu bilan birga yashaydi.

Bu futbolchi Portugaliya terma jamoasida 122ta uchrashuvda maydonga tushgan. 71tasi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinlarda u 55ta golga mualliflik qilgan.

Ronaldu "MYu" bilan 1 marta YeChL g‘olibi (2007/2008) 3 marta Angliya chempioni (2006/07, 2007/08, 2008/09), 1 marta Angliya Kubogi sohibi (2003/04) va 2 marta Angliya Ligasi kubogi g‘olibi bo‘lgan (2005/06, 2008/09).

"Real" safida esa u 2011-12 yilgi mavsumdam Ispaniya chempioni bo‘lgan, 2 marta (2010-11, 2013-14) Ispaniya Kubogi, 1 marta Ispaniya Superkubogi g‘olibi bo‘lgan (2014). 2013-2014 yilgi mavsumda madridliklar Ronaldu bilan birgalikda YeChLda zafar quchishgan.

Ronaldu 3 marta, 2008, 2013 va 2014 yillarda "Oltin to‘p"ga ega chiqqan. Uning hisobidagi "Oltin butsa"lar soni 4ta ( 2008, 2011, 2014, 2015).

1. Ronalduning bolaligi

2. To‘p uzatib turish bilan mashg‘ul Ronaldu

3. Ronaldu «Sporting» tarkibida maydonga tusha boshladi

4. Ronaldu va Aleks Fergyuson. «Manchester Yunayted»dagi birinchi yil

5. 2004 yilda Portugaliya maydonlarida o‘tkazilgan Yevropa chempionati finalidagi mag‘lubiyatdan keyin

6. 2008 yil, Moskva finali. "Lujniki" o‘yingohi. Ronaldu "MYu" bilan faoliyatidagi ilk YeChL finalida g‘alaba qildi

7. 2008 yil. Ronaldu ilk marta "Oltin to‘p" bilan taqdirlandi

8. 2009 yilning yozi. Ronaldu ilk bor "Santyagu Bernabeu"da "Real" libosida

9. Ronaldu 2014 yilning mayida YeChL finalida "Atletiko" darvozasiga hal qiluvchi golni urdi

10. 2014 yilning oxiri. Ronaldu va Irina Sheykning oxirgi uchrashuvlaridan biri

11. 2015 yilning yanvari. Ronaldu uchinchi marta "Oltin to‘p" oldi

12. 2015 yil. Ronaldu bir qancha mehmonxonalar va villalardan keyin samolyot sotib oldi