23:40 / 05.02.2016
6196

Peterburg musulmonlar diniy boshqarmasi muftiysi onasi bilan sudlashgani uchun o‘z lavozimidan bo‘shatildi

Sankt-Peterburg musulmonlar diniy boshqarmasi va Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy hududi muftiysi Ravil Pancheyev o‘z lavozimidan chetlatildi. Bunga Pancheyevning "bu lavozimni egallash uchun ma'naviy-axloqiy huquqni yo‘qotgani" sabab bo‘lgan.

Rossiya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi boshlig‘i Talgat Tajuddin farmonida aytilishicha, Pancheyevning iste'foga chiqarilishi haqidagi qaror "Pancheyev Ravil Jafarovich o‘z onasi bilan sudlashishi va uni tahqirlashi sababli diniy lavozimni egallash uchun ma'naviy-axloqiy huquqni yo‘qotganiga asoslanib" qabul qilingan.

"Interfaks" axborot agentligining ma'lum qilishicha, Pancheyevning onasi o‘g‘lini qonunni buzish va o‘z lavozimini suiiste'mol qilishda ayblab uning ustidan sudga shikoyat arizasi topshirgan. Bundan tashqari, ayol uning o‘g‘li o‘z raqiblarini va hattoki uni taqib qilgani va qo‘rqitganini aytgan. Onaning aytishicha, Pancheyev boshchilik qilgan masjidda "yovuzlik hukm surgan", ba'zi dindorlar esa Suriyaga IShID safiga jo‘natilgan.

Pancheyev o‘ziga bildirilgan ayblovlarga izoh bermagan.

Top