10:05 / 06.02.2016
12334

Erdo‘g‘an Putin bilan aloqaga chiqa olmayapti

Turkiya prezidentining matbuot kotibi Ibrohim Qalin Rossiya samolyoti bilan yuz bergan navbatdagi voqeadan keyin prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bog‘lana olmayapti, deb aytmoqda. Bu haqda Anadolu agentligi xabar bermoqda.

"29 yanvarda Rossiya navbatdagi marta Turkiya havo hududini buzdi. Bundan keyin prezident Erdo‘g‘an Vladimir Putin bilan telefon orqali bog‘lanishga urinmoqda, biroq Rossiya javob bermayapti", deb aytdi Qalin.

Qalinning fikricha, bu holat Rossiyaning Anqara vaziyatni Moskva bilan emas, NATOlik hamkorlari bilan muhokama qilayotgani haqida aytayotgan gaplarining nosamimiyligini yana bir bor isbotlaydi.

"Bir tomondan Putin Erdo‘g‘an bilan aloqaga chiqishdan qochmoqda, boshqa tomondan "biz bilan hech kim bog‘lanmadi", demoqda", deb aytdi Qalin.

Qalin, shuningdek, Jyenevadagi Suriya bo‘yicha muzokaralarga izoh berdi. Uning aytishicha, Moskva "o‘zining tajovuzkor harakatlari bilan Suriyadagi amaldagi tuzum bilan muholifat o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishining maqsadga muvofiqligini shubha ostiga qo‘ydi". Qalinning fikricha, Rossiya harbiy-koinot kuchlarining asosiy vazifasi terrorchilarni bartaraf etish emas, balki Bashar Asad tuzumini himoya qilishdan iborat.

Top