18:45 / 08.02.2016
3212

Somalidagi samolyotda portlash sodir etgan terrorchi boshqa reysda uchishi kerak bo‘lgani aytildi

2 fevral kuni bortdagi portlash tufayli Somalida favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgan Daallo Airlines A321 samolyotida portlashni sodir etgan terrorchi aslida Turkish Airlines aviakompaniyasi reysida uchishi kerak bo‘lgan. Bu haqda Reyter agentligi xabar bergan.

Somalidagi Daallo Airlines aviakompaniyasi rahbari Muhammad Yasinning ma'lum qilishicha, o‘sha kuni kompaniya samolyotiga chiqqan yo‘lovchilarning aksari Turkish Airlines samolyoti orqali uchishi kerak bo‘lgan, lekin bu reys noqulay ob-havo sharoiti tufayli qoldirilgan.

"Bu yo‘lovchi ham Turkish Airlines aviakompaniyasi samolyoti uchun chipta olgandi", deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2 fevral kuni Daallo Airlines aviakompaniyasi yo‘lovchi samolyoti bortida ro‘y bergan portlash tufayli Somali poytaxti Mogadishoda shoshilinch qo‘ngandi.

Bundan oldinroq, portlovchi moslama Somali samolyotining bortiga noutbukda olib kirilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, portlashga aloqadorlikda gumon qilinayotgan aeroport xodimlari qo‘lga olingan.

Top