20:55 / 09.02.2016
5099

O‘zbekistonlik mutaxassis A(H1N1) virusi haqida: xavotirga asos yo‘q

Oxirgi oylarda bir qator Osiyo davlatlarida cho‘chqa grippining A(H1N1) deb nomlangan yangi ko‘rinishi avj olgani, buning oqibatida 18 kishi halok bo‘lgani xususida ko‘p yozildi. Ayrim axborot kanallari ushbu virus jahon ahliga tahdid solayotganini, pandemiyaga aylanib ketishi mumkinligini ta'kidladi.

Mana shunday vahimali gap-so‘zlar fonida “Darakchi” muxbiri Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika gripp markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Ravshan Rahimovga murojaat qildi.

“...Bugungi kunda ayrim xorijiy nashrlar tomonidan jar solinayotgan yangi virus haqidagi ma'lumotlar noto‘g‘ri, - deb ta'kidladi mutaxassis. – Sababi, ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu gripp alohida bir pandemiya sanaluvchi yoki katta epidemiyaga sabab bo‘luvchi yangi virus emas. Shunchaki noo‘rin shovshuvlar aholi orasida vahima tarqatmoqda. Ishonarli manbalarda bu gripp hech qanday yangi virus emasligi aniq asoslab berilmoqda”.

“2009 yilni eslab ko‘ring: - so‘zida davom etdi shifokor, – o‘shanda haqiqatan H1N1 nomli yangi virus topilib, pandemiya bo‘lgandi. Bu virus dastlab cho‘chqa organizmida rivojlanib, keyin insonga yuqqan va boshqalarga ham o‘tib, tarqalib ketgan. Shuning uchun ham mazkur virus avvaliga cho‘chqa grippi deb talqin etilgan. Ammo keyinchalik Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu gripp virusini pandemik H1N1 2009 deb atagan. Bu gripp virusi bir paydo bo‘lib, bir yo‘qolib kelgan. Pandemiyadan keyin ham ayrim davlatlarda uchrab turgan, ya'ni butunlay yo‘qolib ketmagan. So‘nggi ikki yilda mazkur gripp bilan zararlanish juda kam kuzatildi. Joriy yil yanvar oyining boshidan boshlab ayrim Yevropa davlatlarida, Rossiya Federatsiyasining ba'zi hududlarida yana odatiy mavsumiy gripp sifatida tez-tez qayd etila boshladi. Barcha mavsumiy gripp kasalliklarining orasida biz so‘z yuritayotgan H1N1 virusi bilan zararlanganlar soni birmuncha ko‘pligi tashvishlidir”.

Rahimov “Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q” deya ta'kidladi.

“Cho‘chqa grippi ham o‘sha mavsumiy gripp qatorida, ammo bu yil odatdagidan ko‘proq uchrayapti, - tushuntirdi u. – Shunday ekan, yana bir yangi cho‘chqa grippi xavf solayapti, deb sensatsiya ko‘tarishga hojat yo‘q. Soha mutaxassislari bu ma'lumotlar haqiqatdan yiroqligini aniq asoslab berishmoqda”.

Mutaxassis kasallikka chalinganda ko‘riladigan choralarga ham to‘xtalib o‘tdi:

“Gripp bilan og‘riganlar uzog‘i bilan bir yoki ikki hafta xastalanishi mumkin. Ana shu davrda befarq bo‘lmaslik kerak. Grippning eng muhim – boshlang‘ich davrida e'tibor qaratmaslik uning kuchayishiga sabab bo‘ladi va bu xastalikka boshqa yondosh kasalliklar ham qo‘shilishi mumkin, masalan, pnevmoniya... Ana shunday vaziyatda oddiy gripp ham og‘ir kechishi mumkin. Kasallikning boshlang‘ich davrida bemorlar aholi gavjum joylarda bo‘lmaslikka harakat qilishi lozim. Uy sharoitida virus yuqtirganlarni alohida ajratish maqsadga muvofiq. Yuqori tana harorati kuzatilganda, shifokorni uyga chaqirish lozim, ular esa bemorni uyga kelib tekshirishi zarur. Har qanday gripp virus havo-tomchi orqali yuqishi inobatga olgan holda gavjum joylarda og‘iz, burunga respirator maska taqqan holda yurish tavsiya etiladi”.

Top