18:14 / 11.02.2016
10233

Erdo‘g‘an Turkiyaning sabri to‘lgani va qochoqlar uchun "Yevropa eshiklarini ochib qo‘yishi" mumkinligidan ogohlantirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat o‘z chegaralarini Suriyadan o‘tuvchi qochqinlar uchun ochib qo‘yishi mumkinligini istisno etmadi. U bu haqda mamlakatdagi biznes olami vakillari bilan uchrashuvi vaqtida gapirib o‘tgan.

"Shu vaqtgacha biz muhojirlar mingan avtobuslarni Edirnadagi nazorat-o‘tkazuv punktida (Turkiyaning YeI bilan chegarasi) to‘xtatib qolayotgandik. Biz bu ishni bir qilamiz, ikki qilamiz. Lekin kechirasizlaru, biz endi chegarani ochib qo‘yib, ularga oq yo‘l tilashimiz ham mumkin", deydi u.

Erdo‘g‘anning qayd etishicha, keyingi yillarda Turkiya, hali Yevropa Ittifoqi qochoqlar uchun mablag‘ ajratish masalasini muhokama qilayotgan vaqtda ular uchun 9 mlrd dollar sarflab qo‘ydi.

"Ular 2 yil uchun ajratishi va'da qilingan 3 mlrd dollarni biz o‘zimiz uchun emas, suriyaliklar uchun so‘raganmiz. Ular yana mablag‘lar ajratishi kerak, chunki hali urush davom etmoqda va Suriyadan qochib chiqayotganlar soni ortishda davom etadi. Hali boshqalar faqat gap sotish bilan mashg‘ul bo‘lganida, biz 10 mlrd dollar sarflab qo‘yib, "belimiz sinishiga" oz qoldi", deya ta'kidlagan prezident.

Uning Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker bilan uchrashuvi natijasi haqida Gretsiya matbuotida chiqarilgan maqolalarga munosabatini bildirar ekan, u buni "Turkiyaga hujum"sifatida baholagan. Bu maqolalarda Erdo‘g‘an YeIga bosim o‘tkazgani, agar Yevropa Anqaraga zarur yordam ko‘rsatmasa, qit'ani suriyalik qochqinlarga to‘ldirib tashlash bilan po‘pisa qilgani haqida yozilgandi.

"Agar uchrashuv protokolini o‘qigan bo‘lsangiz, Turkiya Yevropani qochqinlar muammosidan to‘sib kelayotganini anglar edingiz. Biz shunchaki, Turkiya o‘z burchini bajargani holda, Yevropa ham kelishuvga amal qilishini istashimizni bildirganmiz", deydi Erdo‘g‘an.

Oxirgi kunlarda Suriya shimolidagi Halab shahridagi vaziyat saqlanib qolsa, Turkiyaga yana 600 ming qochqin kirib kelishi mumkin.

"Turkiya shu vaqtgacha 2,5 mln nafardan ortiq qochqinni qabul qilgan. Ular uchun 10 mlrd dollar miqdoridagi mablag‘ sarflab qo‘ydik. Taqqoslashingiz mumkin, BMT ko‘rsatgan yordam miqdori - 455 mln dollar", deya BMTdan ham muammoga jiddiy e'tibor qaratishni so‘raydi Erdo‘g‘an.

Uning ta'kidlashicha, qochqinlar muammosi Turkiyaning iqtisodiga tahdid sola boshladi va endi zarur qadamlar tashlanishi mumkin.

"Uchishlardan xoli hududlarni tashkil etmay turib, Suriyadagi jangarilarni butkul yo‘q qilmay turib, qochqinlar muammosidan qutilib bo‘lmaydi. Birinchi navbatda suriyaliklar uchun Suriyaning o‘zida xavfsiz sharoitlarni tashkil qilish zarur", deydi u.

Uning qayd etishicha, "Suriyada Bashar Asad rejimi va Rossiya aviatsiyasining bombardimonlari davom etar ekan, Turkiyadan mavjud vaziyatda sabr qilishda davom etishni talab qilish o‘rinsiz.

"Bunaqasi ketmaydi. BMT Xavfsizlik kengashi zarur choralarni ko‘rishi zarur", deydi turkiyaliklar rahbari.

OAV: Erdo‘g‘an yetarli moliyaviy yordam ko‘rsatilmasa, Yevropani muhojirlar bilan to‘ldirib tashlash orqali tahdid qilgan

Top