08:25 / 11.02.2016
5741

Mixail Saakashvili tan soqchilar xizmatidan voz kechdi

Ukrainaning Odessa viloyati gubernatori Mixail Saakashvili shaxsiy tan soqchilar xizmatidan voz kechdi. Bu haqda u o‘zining feysbukdagi sahifasida ma'lum qilgan.

Uning aytishicha, u Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Gritsakka maktub yozib, o‘zini qo‘riqlash uchun biriktirilgan «Alfa» maxsus xizmati xodimlarini ortga chaqirib olishni so‘ragan.

"Men Ukraina Xavfsizlik xizmatining «Alfa» bo‘limi o‘tgan oylar davomida meni qo‘riqlab kelishdagi xizmatlarini qadrlayman. Keyingi voqealar tufayli men bu xizmatdan voz kechishga qaror qildim", deydi u.

Saakashvilining qo‘shimcha qilishicha, Ukrainada shaxsiy tan soqchisiz ham hech narsadan qo‘rqmasdan yashash mumkin.

Bundan oldinroq, Ukraina IIV Saakashvilining Aksilterror amaliyotlar hududiga safari ko‘rsatilgan videosi bo‘yicha tekshiruv ishlari boshlangandi. Bu videoda Ukraina harbiylarining Donbassdagi pozitsiyalari ko‘rinib qolgani hukumatni tashvishlantirgan.

Top