Jamiyat | 19:54 / 12.02.2016
14221
2 daqiqa o‘qiladi

Daniyalik juftlik eng uzoq vaqt bir-birini bag‘riga bosib turish bo‘yicha rekord o‘rnatdi

Daniyalik juftlik Monika va Lars Shmidt eng uzoq vaqt davomida bir-birini bag‘riga bosib turish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi, deb xabar bermoqda The Local nashri.

Ular 40 soat 43 daqiqa 47 soniya davomida quchoqlashib turishgan. Avvalgi rekord 24 soat 13 daqiqani tashkil qilgandi.

Shmidtlar g‘arbda nishonlash urf bo‘lgan sevishganlar kuni, ya'ni avliyo Valentin kuniga bag‘ishlangan tanlovda g‘olib bo‘lishdi. Tanlovda 10 juftlik ishtirok etdi. Tanlov qoidalariga ko‘ra, har bir juftlik diametri 60 sm keladigan aylana ichida quchoqlashib turishi kerak bo‘lgan.

Tanlov tashkilotchilarining aytishicha, ishtirokchilarga har 2 soatda 10 daqiqalik dam berilgan.

G‘oliblar ularning tanlovda ishtirok etishlarining sababi oddiy, ya'ni bunga pul sabab bo‘lganini aytishdi. Shmidtlar mukofot sifatida 10 ming Daniya kronasi (1,3 ming dollar) olishdi.

Avvalroq britaniyalik juftlik Jorj Kirbi va Dorin Laki rasman dunyodagi eng keksa yoshda nikoh qurganlar bo‘lgani ma'lum qilingandi. 103 yoshli Jorj va 91 yoshli Dorinning bu natijasi Ginness rekordlar kitobi tomonidan tan olindi. Ular nikoh qurgan kuni ularning umumiy yoshi 194 yil 280 kunni tashkil qilgan.