15:30 / 13.02.2016
7764

"Kalibr" qanotli raketalari bilan jihozlangan Rossiya kemasi Suriya qirg‘oqlari tomon yo‘lga chiqdi

"Kalibr" qanotli raketalari bilan jihozlangan "Zelenyy dol" nomli Rossiya kemasi yaqin kunlar ichida O‘rta Yer dengizidagi eskadraga borib qo‘shiladi. Bu haqda 13 fevral kuni RIA Novosti nashri o‘zining harbiy doiralardagi manbasiga asoslangan holda xabar bergan.

Bu kema Suriyadagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etishi kutilmoqda.

"Buyan-M" loyihasiga mansub "Zelenyy dol" bilan birgalikda Qora dengiz flotidagi "Kovrovets" kemasi Sevastopoldan O‘rta Yer dengiziga yo‘lga chiqqan.

Kemaning Suriya qirg‘oqlariga jo‘natilishidan aniq maqsadi aytilmagan.

Bundan oldinroq, Rossiya O‘rta Yer dengizidagi floti tarkibidagi kemalar sonin 10tadan 20tagacha oshirishni rejalashtirayotgani ma'lum qilingandi.

"Buyan-M" - "daryo-dengiz" toifasidagi ko‘pmaqsadli kema bo‘lib, uning uzunligi 74 metrni, sig‘imi 949 tonnani tashkil etadi. U soatiga 25 uzel tezlikda harakatlana olishi mumkin. Unga 100 millimetrli A-190 artilleriya birligi hamda "Gibka" raketa-zenit majmuasi o‘rnatilgan.

2015 yilning 7 oktabrida Kaspiy flotining to‘rt harbiy kemasi, chorshanba kuni ertalab Suriyadagi IShID jangarilari pozitsiyalaridagi nishonlarni yo‘q qilgandi.

Kaspiy dengizi harbiy floti tarkibida besh kema “Kalibr” raketa kompleksi bilan jihozlangan. 11661 loyihasiga mansub ikki raketa tashuvchi kema (Tatariston va Dog‘iston) va 21631 loyihasiga mansub uch kichik raketa tashuvchi kemalar ("Grad Sviyajsk", "Uglich" va "Velikiy Ustyug").

Eslatib o‘tamiz, 30 sentabrdan Rossiya harbiy havo kuchlari, Suriya prezidenti Bashar Asadning murojaatiga binoan, Suriyadagi IShID jangarilariga zarba bera boshladi.

Top