Jahon | 09:11 / 13.02.2016
4881
2 daqiqa o‘qiladi

Rim papasi va Rossiya patriarxi Kirill birinchi marta uchrashishdi va qo‘shma deklaratsiya imzolashdi

Kuba poytaxti Gavanada Rim papasi Frantsisk hamda butun Rossiya va Moskva patriarxi Kirill boshchiligidagi Rim-katolik va Rus pravoslav cherkovlari vakillarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Rim papasi va patriarx Kirill uchrashuv natijalariga ko‘ra qo‘shma deklaratsiya imzolashdi.

"Bu juda sermazmun suhbat bo‘ldi, u bir-birimizning fikrlarimizni anglash va his qilishga imkon berdi. Bu suhbat natijalari menga ikki cherkov butun dunyo nasroniylari manfaati yo‘lida birgalikda ishlay olishi mumkinligini aytishimga imkon beradi", deb aytdi patriarx Kirill.

Patriarx Kirill ikki cherkov "urush bo‘lmasligi, barcha yerda inson umri hurmat qilinishi uchun birgalikda ishlay olishlarini" ta'kidlab o‘tdi.

Pontifik, o‘z navbatida, "biz aka-ukalardek birdek gapirdik, chunki bizning dinimiz bir va biz bir yo‘lni izlaganmiz", deb aytdi.

"Biz juda ochiq gaplashdik, men sizni ishontirib ayta olamanki, men bu suhbatda muqaddas ruhning borligini his qildim", deb qo‘shimcha qildi Frantsisk.

Frantsiskning aytishicha, ular "ehtimol amalga oshiradigan" bir qator tashabbuslarni muhokama qilishdi.

Rim papasi Kuba hukumatiga uchrashuvni o‘tkazish imkoniyatini taqdim qilgani uchun o‘z minnatdorchiliigini bildirdi.