Sport | 10:37 / 16.02.2016
4468
2 daqiqa o‘qiladi

Mixail Shumaxerning faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi

Germaniyaning Marburg shahrida "Formula-1"ning taniqli avtopoygachisi, 2 yil oldin og‘ir jarohat tufayli faoliyatini to‘xtatgan va shu vaqtgacha davolanayotgan Mixail Shumaxerning faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi. SBS nashrida xabar qilinishicha, sportchining rafiqasi va bolalari tomonidan ochilgan bu ko‘rgazmada Shumaxerning bolidlari, shaxsiy buyumlari namoyish etiladi. Ko‘rgazma faoliyati 2 yil davom etishi mo‘ljallangan.

15 fevral kuni ochilgan ko‘rgazmaning ilk kunida 200 kishi tashrif buyurgan. Ular orasida poygachining rafiqasi Korinna va uning ikki farzandi bor.

"Albatta bugun yonimizda Mixail yetishmayapti. Afsuski bu vaziyatni o‘zgartira olmaymiz. Qilishimiz mumkin bo‘lgan ish - uning qaytishiga umid qilishdir", deydi Shumaxerning yordamchisi Sabina Kem.

Shumaxer 2013 yil dekabrida Fransiyaning Meribel kurortida chang‘i uchish vaqtida yiqilib, boshidan jiddiy jarohat olgandi. U 2014 yil sentabridan beri Shveytsariyadagi Jyeneva ko‘li sohilida joylashgan o‘z villasida davolanish kursini o‘tamoqda, uning salomatligi haqidagi ijobiy xabarlar kamdan-kam paydo bo‘lmoqda.

Ma'lumot uchun, Mixail Shumaxer 1992 yildan 2006 yilgacha va 2010 yildan 2012 yilgacha "Qirollik poygalari"da "Benetton", "Ferrari" va "Mersedes" jamoalari safida ishtirok etgan. U ilk marta 1993 yilda (ikkinchi marta 1994 yilda) "Benetton" bilan ilk yutug‘ini qo‘lga kiritgan. "Ferrari" safida esa u 2000 yildan 2004 yilgacha ketma-ket 5 marta shaxsiy hisob bo‘yicha g‘oliblikka erishgandi.