Jamiyat | 17:32 / 17.02.2016
6208
3 daqiqa o‘qiladi

Meksikalik muxlis Rim papasi Frantsiskni g‘azablantirdi

Meksikaga safari vaqtida Rim papasi Frantsisk o‘zining bezori muxlisidan jahli chiqdi. Bu haqda The Daily Telegraph nashri xabar tarqatgan.

Voqea Moreliya shahridagi stadionda pontifikka atab o‘tkazilayotgan bayramona uchrashuv vaqtida sodir bo‘ldi. Yosh raqqosa va qo‘shiqchilar ishtirokidagi marosimdan so‘ng papa dindorlarni tabriklashga qaror qildi. Olomonga yaqinlashganida yig‘ilganlar orasidan kimdir uning kiyimidan ushlab oldi. Noma'lum kishi Frantsisk muvozanatni yo‘qotib, nogironlar aravachasida o‘tirgan bola ustiga yiqilib tushganida ham uni qo‘yib yubormadi.

Qo‘riqchilar pontifikni yiqilib tushishdan asrab qolishdi. Qaddini ko‘tarib olgach, Frantsisk o‘zini yiqitib yuboray degan odamga jahl bilan qaradi va ispan tilida “Egoist bo‘lma” dedi.

Rim papasi o‘zining xalqqa yaqinligini ko‘rsatmoqda. U hatto mashhur o‘q o‘tmas papamobilining o‘rniga yuqori qismi ochiq mashinani tanladi.

Eslatib o‘tamiz, Papa Frantsisk Meksikaga besh kunlik tashrifni amalga oshirmoqda. Uning Topo Chiko qamoqxonasiga borishi kutilmoqda. Bu yerda bir necha kun muqaddam 50 kishini hayotdan olib ketgan qo‘zg‘olon yuz berib o‘tgandi. Shuningdek, papa AQShga kirish istagida bo‘lgan muhojirlarning og‘ir ahvolini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun Amerika-Meksika chegarasiga ham tashrif buyuradi.

Mazkur reja AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lgan Donald Tramp tomonidan tanqid ostiga olingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, pontifik mazkur holatda Vashingtonga ta'sir o‘tkazish va amerikaliklarni Lotin Amerikasi mamlakatlari aholisi uchun chegarani ochiq qo‘yib qo‘yishga majbur qilmoqchi bo‘lgan Meksika hukumati manfaatlarini ko‘zlagan holda harakat qilmoqda.

Time: Tramp Rim papasini tanqid qildi