10:47 / 17.02.2016
2177

Renault kompaniyasi Alpine sportkupesining seriyaoldi versiyasini namoyish qildi

Renault kompaniyasiga tegishli Alpine firmasi Monte-Karlodagi tadbirda Vision kontseptual kupesini taqdim qildi. Yangi mashina Alpine fransuz markasining tiklanishidan keyingi birinchi modelining seriyaoldi prototipi hisoblanadi.

Alpine vakillarining aytishicha, modelning seriyali ishlab chiqariladigan versiyasida "kontseptda qo‘llangan stilistik yechimlarning 80 foizi saqlanib qoladi". Seriya tarzida ishlab chiqariladigan kupening namoyishi 2016 yil ikkinchi yarmida, taxminlarga Parij avtosalonida bo‘lib o‘tadi, 2017 yildan esa sotuvga chiqariladi.

Vazni 1100 kg ni tashkil qiladigan kupe Renault Clio RS xot-xetchining ishchi hajmi 1,6 litrdan 1,8 litrga yetkazilgan "turboto‘rtlik" dvigateli bilan jihozlanadi. Mashinaning standart versiyasida dvigatelning quvvati 250 ot kuchiga yaqinni tashkil qiladi.

Keyinroq modelning "quvvatlangan" RS-modifikatsiyasi paydo bo‘ladi, uning dvigateli quvvati 300 ot kuchiga yetkaziladi. Kuchaytirilgan dvigatel silindrlar blokining boshqacha kallagi va modernizatsiyalashgan sovitish tizimi bilan jihozlanadi.

Motor 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi bilan birgalikda ishlaydi. Uzatmalar qutisi ikkita ilashishli bo‘lib, uning dastagi rul chambari ostida joylashgan bo‘ladi. Alpine’da ta'kidlanishicha, mashina 0 dan 100 km/soat tezlikka 4,5 soniyadan kamroqda erishadi.

Yangi sportkarning narxi 50 ming yevrodan boshlanadi. Kupe Audi TT, Porsche Cayman va Alfa Romeo 4C bilan raqobtalasha oladi.

Frantsuzlar qayta tiklangan marka yagona model ishlab chiqarish bilangina cheklanib qolmasligini aytmoqdalar. Sportkar muvaffaqiyatga erishsa, Alpine gibrid dvigatel va to‘liq privodli krossover yaratadi.

Alpine markasidagi mashinalar ishlab chiqarilishi 1995 yilda to‘xtatilgan edi. 2012 yilda Renault kompaniyasi Caterham firmasi bilan mashhur sportkarlar ishlab chiqaruvchisini tiklashga qaror qildi. 2014 yilda Renault bilan Caterham orasidagi kelishuv oshkor qilinmagan sabablarga ko‘ra bekor qilingan, biroq Renault brendni tiklash bilan bir o‘zi shug‘ullanishni davom ettirgan.

Top