07:59 / 18.02.2016
2838

AQShdagi shifoxona kompyuter tizimini tiklash uchun xakerlarga haq to‘lashga majbur bo‘ldi

AQShning Los-Anjyeles shahridagi Gollivud presviterian shifoxonasi 5 fevralda uning kompyuter tizimini bloklab qo‘ygan xakerlarga tizimni tiklash uchun 17 ming dollar to‘ladi. Tizimga kirish 15 fevralda tiklandi, deb ma'lum qildi shifoxona rahbari Allen Stefanek.

Stefanekning aytishicha, tovlamachilar talab qilgan pul virtual valyuta – bitkoinda to‘landi, bu jinoyatchilarga anonim qolishga imkon beradi. "Bu bizning kompyuter tizimimiz va ma'muriyatimiz ishini tiklashning eng tez va samarali usuli bo‘ldi", deb tan oldi Stefanek.

Xakerlar dastlab 3,6 mln dollar talab qilishgan, biroq ancha kamroq qiymatga rozi bo‘lishgan.

Ushbu jinoyat bilan Los-Anjyeles politsiyasi va Federal qidiruvlar byurosi shug‘ullanmoqda. Ular shifoxona xodimlariga tergov tugamaguncha o‘z xizmat kompyuterlarini yoqmaslikni va internetga o‘zlarining shaxsiy noutbuklari va planshetlarini kompyuter viruslari bilan zararlanmaslik uchun ulamaslikni tavsiya qilishdi. 

Xakerlarning hujumi shifoxona ishini falajlab qo‘ydi, uning ma'muriyati ko‘plab bemorlarni boshqa shifoxonalarga o‘tkazishga majbur bo‘ldi. 10 kun davomida bemorlarning ma'lumotlar bazasiga, ularning kasallik tarixiga, elektron pochta orqali yuborilgan tahlil va tekshirishlar natijalariga kirishning iloji bo‘lmadi. Shuningdek, kompyuter tomografiyasi va shu kabi jarayonlarni amalga oshirib bo‘lmagan. 

Huquq-tartibot muassasalari xakerlar qanday qilib shifoxona kompyuter tizimini falajlab qo‘yganini aniqlay olmadilar.

Top