06:53 / 18.02.2016
9894

Dunyoning eng yaxshi plyajlari nomi e'lon qilindi

TripAdvisor sayyohlik xizmati sayohatchilar orasida so‘rovnoma o‘tkazib, dunyoning eng yaxshi plyajlarini aniqladi. Daily Mail xabar berishicha, birinchi o‘rin Atlantika okeanining Terks va Kaykos arxipelag orollarining birida joylashgan feruza suvli va oq qumli Grace Bay plyajiga nasib etdi.

Grace Bay plyaji

Ikkinchi o‘rinni sayt foydalanuvchilaridan biri qayd etganidek, o‘zining betakror ko‘rinishi bilan sarobni eslatuvchi Braziliyadagi Baia do Sancho egalladi. Kuchli uchlikni Kubadagi Playa Paraiso plyaji yakunladi.

Braziliyadagi Baia do Sancho plyaji.

Kubadagi Playa Paraiso plyaji.

Shuningdek, reytingning top o‘ntaligiga Anse Lazio (Seyshel orollari), Cayo de Agua (Venesuela), Flamenco Beach (Puerto-Riko), Playa de Ses Illetes (Ispaniya), Ngapali Beach (Myanma), West Bay Beach (Gonduras) va Nacpan Beach (Filippin) plyajlari kiritildi.

Bundan tashqari, sayyohlik xizmati jahonning turli mintaqalaridagi eng yaxshi plyajlar ro‘yxatini ham tuzib chiqdi. Unga ko‘ra, Yevropada Playa de Ses Illetes (Ispaniya), Afrikada Anse Lazio (Seyshel orollari) va Osiyoda Ngapali Beach (Myanma) plyajlari eng yaxshi deb topildi.

Mazkur reytingni tuzishda TripAdvisor saytida so‘nggi 12 oy ichida sayohatchilar tomonidan qoldirilgan mulohazalarning soni va sifati inobatga olindi.

Top