10:32 / 18.02.2016
3812

Kimyogarlar akkumulyator quvvati tezligini keskin oshiruvchi moddani topishdi

M.V.Lomonosov nomidagi MGU olimlari rossiyalik va belgiyalik hamkasblari bilan birga litiy-ionli akkumulyatorlar uchun ftoridofosfat vanadiy hamda kaliy asosida yangi yuqori kuchlanishli katod moddasini yaratishdi. Mazkur ish natijalari Chemistry of Materials nashrida chop etildi.

Litiy-ionli akkumulyatorning energiya sig‘imini chegaralovchi asosiy element – bu uning katodi. Ularning ko‘pchiligi uchun allaqachon energiya sig‘imining maksimal darajasiga erishilgan. Shu munosabat bilan, olimlar va muhandislar to‘liq sig‘im bilan zaryadlana oladigan, ko‘proq quvvat saqlab qoluvchi va yuqori zichlikdagi elektr tokida ishlovchi yangi katod moddalarini izlashmoqda.

“Ishning negizi oddiy g‘oyaga asoslangan bo‘lib, u kation va anionlarning geometrik va billur xususiyatlarining moslashuvini ta'minlashdan iborat.” – deya sharhlaydi MGU kimyo fakultetining eletkrokimyo bo‘limi kichik ilmiy xodimi va g‘oya mualliflaridan biri Stanislav Fedotov.

Olimlar litiy ionlarining kengaytirilgan kanallar orqali tez yetkazilishini ta'minlab beruvchi noyob billur sinchni barqarorlashtirishga erishishdi. Izlanishlar natijasida, taklif qilingan katod moddasi 75 foizdan ortiq quvvatni saqlagan holda yuqori tezlikda quvvat olish va tushirish (90 soniyaga qadar) xususiyatini ko‘rsatgan.

Modda morfologiyasini va tarkibini muqobillashtirishdan so‘ng modda boshqa ko‘pgina moddalar bilan raqobatlasha oladi, hattoki NaSICON bilan ham.

Tadqiqot mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, joriy ish natijalari yangi litiy-ion batareyalarini yaratish uchun kerak bo‘ladigan yangi katod moddalarini yaratishda keng imkoniyatlarni yaratadi va jiddiy turtki bo‘ladi.

Top