22:02 / 18.02.2016
2408

Shvetsiya qochqinlarni kruiz laynerida joylashtirmoqchi

Shvetsiya migratsiya agentligi US Shipmanagers charter kompaniyasi bilan Boltiq dengiziga Ocean Gala kruiz laynerini transportirovkalashga kelishib oldi. Kema Shvetsiyaning portlaridan birida bog‘lab qo‘yiladi va qochqinlar uchun boshpanaga aylantiriladi. Bu haqda 18 fevralda The Telegraph nashri xabar berdi.

"Men juda mamnunman. Biz tayyor bo‘lib, odamlarga boshpana bera olmaydigan vaziyatga tushib qolmaymiz", deb aytdi Migratsiya agentligining joylashtirish bo‘limi boshlig‘i Uillis Aberg.

Ayni vaqtda qochqinlar uchun bahorgacha yangi joy topib berish agentlikning asosiy vazifasi hisoblanadi. Bahorda "o‘lik" mavsumda yuzlab mehmonxona va lagerlar bilan qochqinlarni joylashtirish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar muddati yakuniga yetadi.

Agentlik, shuningdek, muhojirlar ko‘plab kelishidan xavotirlanmoqda, hozircha ular kamroq sonda kelmoqda. Noyabrda Shvetsiya haftasiga 10 ming odam qabul qilgan bo‘lsa, hozirda ularning soni haftasiga 700 kishiga tushib ketgan.

1790 kishilik kemani Stokgolmdan shimolda joylashgan Xernyosand shahri portiga bog‘lash rejalashtirilmoqda. Bu kema o‘tgan yildan beri kurizlar uchun ishlatilmaydi. O‘shandan beri layner Fransiyada turgan va suvdagi mehmonxona sifatida ishlatilgan.

Allehanda gazetasining ma'lumotlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat Xernyosand portidan foydalanishga qarshi chiqmoqda. "Kema qurilish uchun ruxsat olinmaguncha va atrof-muhit holatiga baho berilmaguncha, portda bir yilga bog‘lab qo‘yila olmaydi", deb aytdi shahar hokimiyati raisi.

Migratsiya agentligi xodimi Abergning aytishicha, mos port topish va shahar rahbariyati bilan kelishish charter agentligining vazifasidir. Agar port ikki oy ichida topilmasa, laynerdan foydalanish bo‘yicha shartnoma bekor qilinadi.

2015 yilda aholisi 9,8 mln kishini tashkil qiluvchi Shvetsiyaga 163 mingga yaqin qochqin kelgan. Qochqinlarning ko‘pchiligini suriyaliklar tashkil qiladi.

Top