08:48 / 18.02.2016
5209

Zinedin Zidan: Ronaldu gol urganidan juda ham xursand

«Real» jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan YeChL nimchorak finalida «Roma»ga qarshi kechgan o‘yindan (2:0) keyin jurnalistlar bilan gaplashdi.

«Krishtianu Ronaldu o‘yinda gol ura olganidan juda xursand. Muxlislar undan gol kutishadi va u bugun bu ishni uddaladi. Biz u ko‘rsatgan o‘yindan mamnunmiz.

Birinchi bo‘lim og‘ir kechdi, ammo biz tanaffusdan keyin o‘yinimizni kuchaytirdik. Safardagi o‘yinlarda bizga ijobiy natija kerakligi haqida o‘ylamadim, ammo bugun biz boshqa safar bahslarimizga nisbatan yaxshi harakat qildik.

«Roma» penalti tepishi kerak edimi? Men bu vaziyatni ko‘rmadim. O‘yin qiyin kechdi, ayniqsa, birinchi bo‘lim, ammo biz ikkita gol urdik va yanada ko‘proq gol urishimiz ham mumkin edi. «Roma» ham xavfli vaziyatlar yarata oldi.

Safarda urilgan ikkita gol juda muhim. Lekin to‘qnashuv taqdiri hali hal bo‘lmadi, bu futbol, unda har narsa ro‘y berishi mumkin.

Ayrim o‘yinchilar natija keltirayotgan bo‘lishsa-da, men uchun muhimi - jamoa.

Chempionlar ligasi finali deysizmi? Bungacha uzoq yo‘l bor. Avval javob o‘yinini o‘tkazishimiz kerak. Men esa futbolchilarning ishtiyoqidan xursandman», – deydi Zidan.

Top