Golovkin va Ueyd ishtirokida ilk matbuot anjumani o‘tkazildi
Professional boksning o‘rta vazn toifasida IBF, IBO hamda WBA yo‘nalishlari chempioni qozog‘istonlik Gennadiy Golovkin o‘zining navbatdagi himoya jangini 23 aprel kuni o‘tkazadi. Uning raqibi IBF yo‘nalishida majburiy da'vogar, ushbu tashkilot reytingida ikkinchi o‘rinni egallab turgan Dominik Ueyd bo‘ladi.
Ushbu chempionlik jangi AQShning Kaliforniya shtatidagi The Forum Byukdelt arenasida bo‘lib o‘tadi. 18 fevral kuni bokschilar ishtirokida ilk matbuot anjumani tashkil etildi. Aynan jang o‘tkaziluvchi Los-Anjyeles shahrida bo‘lib o‘tgan anjumanda bokschilar jangga tayyorgarlik yuzasidan berilgan savollarga javob qaytarishdi.
Dastlab savollarga Qozog‘iston vakili javob qaytargan.
"Hozir men o‘zimni ancha tetik his qilmoqdaman. Yangi yil, yangi jang bo‘ladi. Men boksdan hamisha zavq olaman. Bo‘lajak raqibim Dominik Uaydni hurmat qilaman. Sababi, u shu paytgacha mag‘lubiyatga uchramagan. Demak, u jiddiy raqib. Men yangicha hissiyotlarni sezmoqdaman. Bu jangda kim g‘alaba qozonishini oldindan aytib bo‘lmaydi", deydi Golovkin Fightnews.com saytiga bergan intervyusida.
Amerikalik Dominik Ueydning fikricha, Golovkinning imkoniyatlarini yuqori baholamasligini bildirib o‘tgan.
"Men uni juda kuchli deb o‘ylamayman. U haqda shunday tasavvur uyg‘otishgan. Lekin u Supermen emas. Men uning boks uslubidagi kuchsiz jihatlarni bilaman. Uni juda tezkor, deb hisoblamayman. Bunday bokschilarni avval ham uchratganman", deydi Ueyd Boxingscene.com saytiga.
Ueydning qayd etishicha, jang oldidan GGG (Gennadiy Gennadiyevich Golovkin) yaqqol favorit hisoblanayotgani o‘zini tashvishga solmaydi.
"Men unga ko‘p e'tibor berayotganim yo‘q. Uning ustunligi haqidagi gaplar menga yanada kuchli bo‘lishga harakat qilishda yordam beradi xolos. Men undan kuchliligimni isbotlayman ham", deydi bokschi.