16:57 / 20.02.2016
3635

Andijonda o‘tkazilgan “Hokim Kubogi” musobaqasida g‘oliblar aniqlandi

15-20 fevral kunlari Andijon shahridagi Sho‘rbuloq stadionida 14-15 yoshli o‘smirlar o‘rtasida futbol bo‘yicha “Hokim Kubogi” turniri bo‘lib o‘tdi.

Viloyat futbol federatsiyasi hamda Andijon shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan ushbu musobaqada Olimpiya zahiralari kolleji jamoasi, Andijon shahar futbolga ixtisoslashgan maktab-internati va viloyat futbolga ixtisoslashgan maktab-internatidan ikkitadan jamoa, “Shahrixon-33” jamoasi, viloyat bolalar va o‘smirlar futbol maktabi, “Farg‘ona” jamoalari ishtirok etdilar.

Murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tgan musobaqa yakunlariga ko‘ra, Farg‘ona jamoasi uchinchi, viloyat futbolga ixtisoslashgan maktab-internati jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, g‘oliblik Andijon shahar futbolga ixtisoslashgan maktab-internati futbolchilariga nasib etdi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida so‘z olgan Andijon shahar hokimi Ulug‘bek Soliyev hamda viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Uzoqov musobaqa ishtirokchilarini ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari uchun qutladilar. Turnirda o‘zini ko‘rsatgan turli nominatsiya egalari va sovrindorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Musobaqaning g‘olib jamoasi esa Kubok bilan taqdirlandi. 

-Bugun yakuniga yetgan bellashuvlar viloyatimizda ko‘plab iqtidorli futbolchilar voyaga yetayotganini ko‘rsatib berdi - deydi viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Alisher Uzoqov. – O‘ylaymanki, ular orasidan turli terma jamoalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan o‘yinchilar yetishib chiqadi.

 

 

 

Elmurod ERMATOV, Andijon

Top