09:35 / 20.02.2016
2807

Avstraliya hukumati noqonuniy muhojirlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha Osiyo davlatlari bilan muzokaralar olib bormoqda

Avstraliya hukumati Janubi-Shrqiy Osiyoning bir necha davlatlari hukumatlari bilan bu davlatlarga joriy o‘n yillikning boshida Avstraliyaga kelishga uringan noqonuniy muhojirlarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha maxfiy muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda The Sydney Morning Herald gazetasi xabar berdi.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, bunday muzokaralar Malayziya, Filippin, Indoneziya va gazeta manbalari nomini aytishdan bosh tortgan yana uchta davlat bilan olib borilmoqda.

Ayni vaqtda Avstraliya tomonidan Manus (Papua-Yangi Gvineya) va Nauru orollarida ochilgan muhojirlar markazlarida 1,5 ming muhojir saqlanmoqda, ular asosan O‘rta Sharq va Osiyoning nochor davlatlaridan kelgan muhojirlardir. Bu muhojirlar Indoneziyadan Avstraliyaga yashirincha kemalarda o‘tmoqchi bo‘lgan, biroq Avstraliya sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmati tomonidan qo‘lga olingan. Muhojirlarning bu markazlarda saqlanish sharoitlari mahalliy va xalqaro huquqni himoyalash tashkilotlari tomonidan keskin tanqidga uchramoqda va Avstraliya hukumatini ularni joylashtirishning boshqa yo‘llarini izlashga majbur qilmoqda. Avstraliya hukumati bu muhojirlar hech qachon mamlakatga qo‘yilmasligini ta'kidlamoqda.

Joriy o‘n yillikning boshida Avstraliyada noqonuniy muhojirlik muammosi juda keskin turgan – 2012 yilda Avstraliyaga kemalarda 17 mingga yaqin, 2013 yilda esa 15 mingga yaqin muhojir ko‘chib o‘tgan. 2013 yildagi saylovlarda hokimiyat tepasiga kelgan Liberal-milliy koalitsiya hukumati Avstraliya harbiy-dengiz floti muhojirlar kemalarini ochiq okeanda tutib, ularni ortlariga qaytishga majbur qilishini hamda noqonuniy muhojirlardan birortasi Avstraliya fuqaroligini hech qachon ololmasligini e'lon qilgan. Shundan keyin Avstraliyaga noqonuniy migratsiya deyarli barham topgan.

Top