Jamiyat | 11:53 / 21.02.2016
4754
2 daqiqa o‘qiladi

Veterinar behol itni qo‘llab-quvvatlash uchun u bilan birga uning qafasida ovqatlandi

Ba'zi shifokorlar o‘z bemorlarining sog‘lig‘i uchun o‘zlarini fido qilishga ham tayyorlar. AQShning Jorjiya shtatidagi Elberton shahridagi Granite Hills Animal Care veterinariya shifoxonasi veterinari Endi Metis ham shunday fidoyi shifokorlardan bo‘lib chiqdi.

Yanvar oxirida unga yo‘lda topib olingan daydi itni topshirishdi. Greysi laqabini olgan it topilgan paytda tashnalik va ochlikdan juda oriqlab ketgan, kasal holda edi.

Dastlab itning azoblariga chek qo‘yish uchun uni uxlatish orqali hayotiga chek qo‘yishmoqchi bo‘lishdi, biroq Metis itni davolay olishida qat'iy turib oldi. Bir oy ichida u itni tom ma'noda yana hayotga qaytara oldi.

Biroq shunga qaramay it ovqatlanishni rad etayotgani sababli vazn yig‘a olmayotgan edi. Shunda veterinar agar u it bilan birga ovqatlansa, it o‘zini yaxshi his qiladi, degan fikrga keldi. Va it bilan birga uning qafasida ovqatlana boshladi.

13 fevralda shifoxonaning Facebook’dagi sahifasida chop etilgan videoda bunday tushliklardan biri tasvirlangan. Videoda dastlab it idishdagi ovqatga hatto teginmayotgani, keyinroq shifokorga sherikchilik uchungina tanovul qilayotgani tasvirlangan. Bu orada Metis itga dalda berish uchun uni silab qo‘ymoqda.

Bu video bir hafta ichida juda ommalashib ketdi va 5 mln dan ko‘proq namoyish yig‘di. Videoga qoldirilgan izohlarda odamlar Metisning rahmdilligi va professionalligiga tahsinlar aytishdi. Bundan tashqari, itni shifoxonadan olishga tayyorlar ham topildi.