16:02 / 22.02.2016
2771

Qozog‘istonlik mansabdor 1 million dollarni o‘zlashtirishda ayblanmoqda

Qozog‘istonda Milliy matbuot klubi raisi Seytqazi Matayev 1 million dollar miqdoridagi pulni o‘zlashtirganlikda gumon qilinib, hibsga olindi.

Matayev davlat axborot siyosatini yuritish uchun axborotlashtirish qo‘mitasiga va "Kazaxtelekom"milliy kompaniyasiga ajratilgan mablag‘larni o‘z manfaati yo‘lida sarflaganlikda gumon qilinmoqda", deyiladi TASS xabarida.

Bu haqda davlat xizmati masalalari vazirligi qoshidagi Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi ma'lum qilgan. 

Uning hisobotiga ko‘ra, Milliy matbuot klubi va KazTAG axborot agentligi bilan shartnoma imzolangan axborotlashtirish qo‘mitasi (80 million tenge - 222 ming dollar) va "Kazaxtelekom" (260 million tenge - 722 ming dollar) o‘tkazgan pullar klub raisi Matayev Seytqazi tomonidan naqdlashtirilgan va o‘zlashtirilgan. Bundan tashqari, u 327 million tenge (908 ming dollar) miqdoridagi soliqlarni to‘lamaganlikda ham ayblanmoqda.

KazTAG axborot agentligi bosh direktori Aset Matayev qo‘lga olinganligi haqida ham ma'lumotlar mavjud.

51 yoshli Seytqazi Matayev media sohasida ko‘zga ko‘ringan shaxslardan biri. U 1991-1993 yillarda prezident matbuot kotibi, keyin 1994 yilgacha bosh vazir matbuot kotibi vazifalarida ishlagan, shuningdek, OAV bo‘yicha jamoatchilik kengashini boshqargan, hozir esa Qozog‘iston yozuvchilar Uyushmasiga rahbarlik qilayotgandi.

Milliy matbuot klubi 1997 yili jurnalistlar jamoat birlashmasi sifatida tashkil etilgan hamda brifing va matbuot-anjumanlari o‘tkazish borasida asosiy maydon hisobalanadi. 2008 yili Milliy matbuot klubi KazTAG axborot agentligiga muassislik qilgan.

Top