O‘zbekiston | 16:11 / 23.02.2016
20421
2 daqiqa o‘qiladi

Camarqandda issiqxonalar yer osti suvidan isitilmoqda

Oqdaryo tumanidagi Sug‘onchi mahallasida Shamsiddin Shixnazarov xonadonida 15 sotix tomorqaga hovlining bir qismida tabiiy isitiladigan issiqxona qurib, limon va sabzavot yetishtirmoqda.

Mazkur hududda yer osti suvlari juda yaqin – 2-2,5 metrdan suv chiqadi. Shu bois, yerni qazib, issiqxona tashkil etish qiyin. Lekin buning ham foydali tomonlari bor. Ya'ni, yer yuzasida issiqxona qurib, uni yer osti suvi bilan isitish mumkin. Shixnazarovlar xonadoni buni amalda sinab ko‘rishdi.

“Besh yil oldin hovlida 10x20 metrlik issiqxona qurdik va ustini ikki qavat qilib polietilen plyonka bilan yopdik. Issiqxonaning bir burchagidan 1x2 metr kenglikda 2 metr, yer osti suvigacha chuqur qazib qo‘ydik. Sovuq paytda suvdan ko‘tariladigan bug‘ bilan issiqxonada mo‘'tadil haroratni saqlash mumkin ekan. Limon parvarishlashni bilmasam-da, kitobdan o‘qib-o‘rganganlarim asosida 10 tup limon ko‘chati ekdim. Parvarishini obi-tobida qilib, novdalarini kesib turdim. Mehnatimiz 2-3 yilda o‘z samarasini bera boshladi. Bu yil har bir daraxtdan 60-70 kilo hosil oldik”, deydi oila boshlig‘i O‘zA muxbiriga bergan intervyusida.


Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda Samarqand viloyatidagi 503 mingdan ortiq aholi xonadonining 59 ming 500 gektardan ziyod tomorqasi bor. Joriy yilda ushbu maydonning 11,5 ming gektariga kartoshka, 18,4 ming gektariga sabzavot, 3,2 ming gektariga poliz va 14,7 ming gektariga ozuqa ekinlari ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, 1 million 185 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.