23:54 / 23.02.2016
12239

OAV: Obama Yaponiya bosh vaziridan Rossiyaga bormaslikni so‘ragan

AQSh prezidenti Barak Obama fevral boshida telefon orqali suhbatda Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abedan Rossiyaga bormaslikni so‘ragan. Bu haqda Kiodo axborot agentligi ma'lum qilmoqda.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, "Obama ayni vaqtda safar uchun mos vaqt emasligini aytgan". "AQSh yetakchisi buning sababi sifatida Moskva va
Vashingtonning Ukraina va Suriya bo‘yicha fikrlarining turlichaligini keltirgan. Abe bu iltimosga izoh bermagan", deyilmoqda agentlikda. Bu suhbat 9 fevralda bo‘lib o‘tgan. Yaponiya hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, tomonlar Shimoliy Koreya yo‘ldoshli raketa-tashuvchi uchirgandan keyin o‘zaro harakatlarni muvofiqlashtirishni muhokama qilganlar.

Avvalroq Yaponiyaning "Nippon" radiosi efirida Abe Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan hududiy masalani yakuniy hal qilish uchun suhbatni davom ettirmoqchiligini aytgan. "70 yildan keyin bizning davlatlarimiz orasida hanuzgacha hududiy muammo mavjud. Bundan tashqari, tinchlik kelishuvi imzolanmagan. Bu normal holat emas", deb aytgandi Abe.

Top