Jahon | 19:53 / 24.02.2016
4475
4 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Suriya bo‘yicha muzokaralarda Turkiyaning manfaatlari ham hisobga olinishi kerak edi

2015 yilning iyulidan buyon Turkiya xavfsizlik xizmatlari vakillari bo‘lgan 300 nafardan ortiq kishi terrorchilik xurujlari qurboniga aylangan. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma'lum qilgan.

"O‘tgan yilning iyulidan buyon 300 nafardan ortiq turkiyalik maxsus xizmatlar xodimlari terrorchilar qo‘lidan halok bo‘lgan", deydi u.

Erdo‘g‘an 2015 yilning yozida Turkiya janubi-sharqida, mamlakat poytaxtida va boshqa yirik shaharlarda sodir etilgan terroristik xurujlarni eslatib o‘tgan.

"Teraktlar bu yilda ham davom etdi. 17 fevral kuni Anqaradagi terakt tufayli 28 nafar harbiy halok bo‘ldi. Bu teraktlar Turkiya hukumatiga qarshi kurd isyonchilari tomonidan sodir etilgan", deydi prezident.

Uning fikricha, "Kurdiston ishchilar partiyasi"ni kurdlardan deb bo‘lmaydi.

"Biz o‘z kurdlarimizning huquqlarini himoya qilamiz. Lekin biz Kobanida jangarilarning hujumiga uchragan 200 mingdan ortiq kurdni qabul qila olmaymiz. Anqara "Kurdiston ishchilar partiyasi" va Suriyadagi kurd guruhlarini ("Demokratik ittifoqi partiyasi" - tahririyat) o‘ziga dushman deb biladi", deydi Erdo‘g‘an.

Suriyada tinchlik o‘rnatish borasida Rossiya va AQSh o‘rtasida imzolangan kelishuvni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

"Biz albatta bu kelishuvni, Suriyada o‘t ochilishi to‘g‘risidagi kelishuvni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo bizni bu kelishuv Asadning muxolifatga tayziqlarini kuchaytirishga xizmat qilishidan xavotirdamiz", deydi u.

"Suriyada tinchlik o‘rnatilishi, umuman olganda, yaxshi. Axir bu suriyalik birodarlarimizga bir oz nafas rostlash imkonini beradi. Ammo, shu tufayli, o‘zining yarim million fuqarolari o‘limiga sababchi bo‘lgan Asad rejimi ham o‘ziga xos tarzda qo‘llab-quvvatlanadi. Bu bitim nihoyatda fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirdamiz", — dedi Erdo‘g‘on.

Turkiya prezidentining ta'biri bilan aytganda, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi kelishuv "Suriyaning haqiqiy egalarini chetga uloqtirib, Asad va uning tarafdorlari noniga sariyog‘ surkab beradi".

"Avvallari yangi hududlar istilo qilinganda, shunga o‘xshash harakatlar amalga oshirilgan. Turkiyaning sezgirligini hech kim hisobga olmagan ko‘rinadi. Biz ushbu tinchlik bitimini, nihoyatda katta qiziqish bilan kuzatib boramiz", — qo‘shimcha qildi Turkiya prezidenti.

U shuningdek, bu masala "AQSh, Rossiya, Eron va Yevropa Ittifoqi" tomonidan hal qilinishi haqqoniy bo‘lmaganini aytib o‘tgan.

"Mintaqada tinchlikni ta'minlash bo‘yicha muzokaralar Suriyadagi voqealarga eng ko‘p darajada aloqador bo‘lgan Turkiyaning manfaatlari hisobga olingan holda o‘tkazilishi kerak edi", degan u.

Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik bitimi IShID va "Jibhat an-Nusra"dan tashqari rasmiy Anqara tomonidan terrorchilik uyushmasi, deb qaraladigan Suriyadagi kurdlar, xususan "Demokratik ittifoqi partiyasi"ga joriy etilmasligi lozim.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta yakunida Rossiya rahbari Vladimir Putin hamda AQSh prezidenti Barak Obama Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishib olishgan edi. Rossiya va AQSh o‘rtasida yopiq turda o‘tkazilgan bir necha raund muzokaralar natijasida, 2016 yil 27 fevral, Damashq vaqti bilan yarim tundan boshlab Suriyada jangovar harakatlarni to‘xtatish bitimi imzolandi.