O‘zbekiston Isroilning to‘g‘ri ovqatlanish borasidagi tajribasini o‘rganmoqda
O‘zbekiston olimlari to‘g‘ri ovqatlanish borasidagi isroillik hamkasblarining tajribasini tatbiq qilishni rejalashtirmoqdalar, deb ma'lum qildi Isroilning Toshkentdagi elchixonasi manbasi.
Jumladan, bu borada O‘zbekiston uchun no‘xat kabi o‘zbek pazandachiligida tanish va ommalashgan mahsulotlardan foydalanishning Isroil tajribasi foydali bo‘lishi mumkin.
Toshkent tibbiyot akademiyasi taklifi bilan O‘zbekistonga kelgan isroillik olimlar Ram Reyfen va Zoxar Kerem o‘zining o‘zbekistonlik hamkasblariga no‘xatdan foydalanishning yangi jihatlarini namoyish qildilar. Ularning fikricha, no‘xat nafaqat to‘yimligi, balki yaxshi ta'm sifatlari bilan ham ajralib turadi hamda juda kam allergiklikka ega, bu esa uning bolalar ozuqasini ishlab chiqarishda ajoyib asos qiladi.
O‘zbekiston bunday hamkorlikning natijasini Toshkent tibbiyot akademiyasida nutritsiologiya – ovqatlanish ilmi haqidagi fakultetning ochilishida ko‘rmoqda. Bundan tashqari, bu masalani tezroq ilgari surish uchun Isroil universitetlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish bilan tajribani o‘rganish imkoniyati tadqiq qilinmoqda.
Ratsional ovqatlanish muammolari bo‘yicha isroillik mutaxassislar o‘z safarlarida, shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti, GIZ, FAO, USAID kabi xalqaro va xorijiy tuzilmalar vakillari bilan uchrashishdi va ularni Isroilda may oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan nutrigenomika/nutrigenetika bo‘yicha 10-xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qilishdi.
Bu konferensiya bolalar diyetologiyasi va bolalar ozuqasi, gastroenterologiya, endokrinologiya, metabolizm, neonatologiya, sog‘liqni saqlash mutaxassislari, biokimyo, hujayralar molekulyar biologiyasi, genetika va immunologiya kabi sohalardagi tadqiqotchilar va olimlar uchun mo‘ljallangan.