14:50 / 24.02.2016
2352

Standard Chartered 26 yildan buyon birinchi marta yillik zarar ko‘rdi

Britaniya iqtisodiy konglomerati Standard Chartered Plc 1989 yildan buyon birinchi marta yirik yo‘qotishlarga duch keldi (lot. Conglomerates – yig‘ilgan, to‘plangan – iqtisodiyotning turli jabhalarida tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan firmalar yig‘indisi, ba'zi hollarda yuridik shaxs).

“2015 yil uchun nihoyatda past va nomaqbul natijalar ko‘rsatdik. Lekin 2016 yil ham murakkab yillardan biri bo‘lishiga shubha yo‘q”, —ma'lum qildi bank bosh rahbari Bill Uinters.

Shunday qilib, 2015 yil Standard Chartered soliqlarni to‘laguniga qadar ko‘rgan ziyoni o‘tgan yili ko‘rilgan 4,2 milliard dollar foyda bilan taqqoslaganda 1,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Konglomerat daromadi 15 foizga 15,4 milliard dollargacha kamaygan, muammoli kreditlarning hajmi 2,1 milliard dollardan 4 milliard dollargacha o‘sgan. Bundan tashqari, bank 1,8 milliard dollar pulni qayta qurishga sarf etdi, jumladan, 1 milliard dollarni eng qaltis kreditlar hisobiga o‘tkazdi.

Bank aktivlari 640 milliard dollargacha (2014 yil 726 milliard dollar) pasaygan. Garchi Standard Chartered Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa ham, uning 94 foiz kreditlari boshqa mamlakatlarga berilgan, deb xabar beradi Bloomberg.

Shu munosabat bilan bank 86 ming ishchisidan 15 mingtasini qisqartirmoqchi va 315 milliard dollarlik aktivlarining qaltis deb topilgan uchdan bir qismini qayta hisob qilmoqchi. Yillik bonuslar ham bekor qilinib, o‘rniga, agar bank 2018 yilgacha o‘z maqsadiga erishsagina, muddati cho‘zilgan mukofot puli belgilandi. Masalan, Uintersning o‘zi 2,3 million yillik maoshiga 8,4 million dollar miqdorida qo‘shimcha mukofot oladi.

Top