Jahon | 13:46 / 25.02.2016
1940
2 daqiqa o‘qiladi

Seul va Tehron o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni qayta boshlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi

Janubiy Koreya va Eron keyingi haftada o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni qayta boshlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Janubiy Koreya savdo, sanoat va energetika vazirligi ma'lum qildi.

"Muzokara yo‘li bilan avval to‘xtatib qo‘yilgan ishchi aloqalarni tiklash va kompaniyalarimizga Eron bozorida muvaffaqiyatli raqobat qila oladigan tuzilmalarni yaratish rejalashtirilmoqda", deyilmoqda xabarda. Bunda amalga oshiriladigan birinchi qadam ikki davlat o‘rtasida elektron savdo tizimini yaratish haqidagi hujjatni imzolash bo‘ladi.

Muzokaralar 29 fevralda Tehronda boshlanadi. Janubiy Koreya delegatsiyasiga savdo, sanoat va energetika vaziri boshchilik qiladi. Bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlarda savdo, energetika, qurilish va sog‘liqni saqlash sohalariga alohida e'tibor qaratgan holda ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning barcha yo‘nalishlarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Eronga Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalarining deyarli yuzga yaqin vakili yo‘l oladi. Ular Eron biznesining vakillari bilan uchrashadilar.