O‘zbekiston | 20:26 / 26.02.2016
6365
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish 30 kundan 7 kunga qisqardi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 7 yanvardagi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tadbirkorlarning yer uchastkalari, bino va inshootlar, ko‘p yillik daraxtzorlarga bo‘lgan xususiy mulk va boshqa ashyoviy huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha yagona tartib belgilandi. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bosqichi 12 tadan bittaga, muddatlari 30 kundan 7 kunga qisqartirildi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda.

2016 yilning 1 yanvaridan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi «yagona darcha» markazlari orqali O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo‘mitasi tomonidan uch turdagi xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Ya'ni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga yer uchastkasi uchun guvohnoma berish, bino va ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqlar to‘g‘risida guvohnoma taqdim etish hamda ipoteka shartnomasi, yer uchastkasi, bino va inshootlar ipotekasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmatlari ushbu markazlar orqali amalga oshirilmoqda.

Mazkur davlat xizmatlari internet tarmog‘idagi yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali ham ko‘rsatilmoqda. Joriy yilda portalda kadastr hujjatlarini qabul qilish xizmatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.