Ulan-Udelik o‘quvchi 14800 ta gugurt cho‘pidan Putinning suratini yaratdi
Buryatiya poytaxti Ulan-Udeda yashovchi 15 yoshli o‘quvchi Maksim Toropov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning antiqa suratini yaratdi. Unga buning uchun qog‘oz, bo‘yoq emas, balki 370 ta gugurt qutisi yoki 14800 ta gugurt cho‘pi kerak bo‘ldi. O‘quvchi Putinning suratini gugurt cho‘plardan yaratdi.
"Men bunday buyumlarni 8 yoshdan tasodifan boshlab yasay boshlaganman. Internetda "Formula-1" bolidlaridan birining haqiqiy o‘lchamda gugurt cho‘pidan yasalgan suratiga ko‘zim tushib qoldi va bu bilan qiziqib qoldim. Buni o‘zim yaratmoqchi bo‘ldim, biroq qo‘limdan kelmadi. Va shunda onam menga "Gugurtdan buyumlar yasash" kitobini olib berdi. Kitob bo‘yicha men birinchi buyumlarimni yasaganman", deb aytmoqda Maksim.
Maksim Putinning surati ustida ishlashni 2015 yil boshida boshlagan, biroq uning aytishicha u orada katta tanaffuslar qilgan hamda unga bu suratni yaratish uchun sof holda 6 oy talab qilingan.
"Men 3800 ta gugurtni bo‘yab chiqdim, 6 ta rangdagi bo‘yoqdan foydalandim va ularni menga bir yaxshi odam bergan sxema bo‘yicha yig‘ib chiqdim. Ularni bir-biriga yopishtirmadim, ular bir-biriga tiralib turadi", deb davom ettirdi Maksim.
Natija kutilgandan ziyodroq bo‘ldi –o‘quvchi yaratgan Putin surati uning asl qiyofasiga juda o‘xshash chiqdi. Suratning balandligi 33 sm, eni esa 25 sm ni tashkil qiladi. Maksimning aytishicha, Putinda bunday surat aniq yo‘q. U Putin bilan uchrashish orzusidaligini aytdi. Hozirda esa Maksim ota-onasi surati ustida ishlamoqda.
"Dadam va oyim mening bu qiziqishimga ijobiy munosabatda bo‘lganlar va uni qo‘llab-quvvatlaydilar", deb aytdi Maksim.