Jahon | 12:40 / 27.02.2016
4003
2 daqiqa o‘qiladi

Interpol Nemtsov o‘limi tashkilotchisi sifatida qaralayotgan gumondorni qidiruvga berdi

Interpol rossiyalik siyosatchi Boris Nemtsovning o‘limi tashkilotchisi sifatida gumon qilinayotgan Ruslan Muxudinovni halqaro qidiruvga berdi. Bu haqda marhum siyosatchi oilasining advokati Vadim Proxorov ma'lum qilgan.

«Menga ma'lum bo‘lgani, Muxudinovning qidiruvi Interpol tomonidan ham boshlangan», — deydi u.

"Ushbu shaxsning qidiruvi bilan nafaqat Interpolning Rossiyadagi byurosi, balki Lion shahridagi bosh kotibiyat ham shug‘ullanmoqda", deb ta'kidladi Proxorov.

«Rasmiy saytda hali bu haqida ma'lumot yo‘q, lekin biz ularni u yerda bo‘lishini ta'minlashga harakat qilamiz. Biz Muxudinovning siyosatchi o‘limiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bor deb o‘ylaymiz, lekin uning rolini oshirib ham kamaytirib ham yubormaslik kerak. U tashkilotchi va bajaruvchi», — deb davom ettirdi Proxorov.

Oldinroq, Boris Nemtsov oilasining advokatlari uning o‘limi aybdori hali topilmagani va ish tugallanmaganini e'lon qilishgandi.