Marg‘ilondagi maktab direktori 1-sinfga o‘qishga qabul qilish uchun 400 ming so‘m pora so‘radi
Marg‘ilon shahridagi maktablardan birining direktori Erkliyor Oxunboboyev maktabning birinchi sinfidagi o‘rinlarni sotishga uringani uchun qo‘lga olingan.
«Huquq» gazetasida yozilishicha, Marg‘ilonda yashovchi ayol o‘g‘lini shu shahardagi umumta'lim maktablaridan biriga joylashtirmoqchi bo‘ldi. U opasi bilan birga maktab direktoriga uchrashdi. Direktor Erkliyor Oxunboboyev ularga birinchi sinflar uchun qabul tugaganini, bo‘sh joy yo‘qligini aytdi. Keyin esa 100 AQSh dollari va 100 ming so‘m evaziga biror iloji topilishi mumkinligini qo‘shimcha qiladi.
Opa-singil bir necha kundan keyin yana direktor huzuriga kelishgan va imkoniyatlari cheklanganligini aytib, pulning yarmini bera olishini bildirishgan. Direktor boshqacharoq taklif beradi. U 200 ming so‘mni hozir, qolgan 200 ming qisminni oy oxirida berishsagina, bolani o‘qishga qabul qilishini ta'kidlaydi.
U ehtiyotkorona yo‘l tutib, pulni qo‘li bilan olmaydi. U opa-singilga pulni qorovulxonadagi to‘shakning tagiga qo‘yishni buyuradi.
Lekin keyingi safar u ehtiyotkorlikni unutadi. Pulning qolgan qismini u o‘z qo‘li bilan oladi va xonasidagi shkafga soladi. Shu payt xonaga huquqni muhofaza qilish xizmatlari xodimlari kirib kelishadi va uni pora olish ustida qo‘lga tushirishadi.
Tergov vaqtida direktor bu pullarni maktab ehtiyojlari uchun ishlatmoqchi bo‘lgani haqida aytadi. Rahbarning aybi xolislar va guvohlarning ko‘rsatmalari, dalillar bilan tasdiqlandi. Sud hukmiga binoan tamagir direktorga tegishli jazo tayinlandi.
O‘zbekiston respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasiga ko‘ra, Pora olish, ya'ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi, — eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.