Erdo‘g‘an sudning turk jurnalistlarini ozod qilish qaroriga noroziligini bildirdi
Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya konstitutsion sudining "Jumhuriyat" muxolif gazetasining ikki jurnalistining hibsga olinishida ularning huquqlari buzilgani haqidagi qarorini tushunmasligi va qabul qilmasligini aytdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
"Jumhuriyat" gazetasining bosh muharriri Jon Dyundor va gazetaning Anqaradagi byurosi shefi Erdem Gyul 26 fevralda konstitutsion sudning yig‘ilishidan keyin hibsdan ozod qilindi. Ularning noyabrdagi hibsga olinishi dunyo ahlining Turkiyadagi so‘z erkinligiga e'tiborini qaratdi. Jurnalistlar Turkiyaning davlat razvedka xizmati Suriyaga qurol-aslaha o‘tkazib berishga yordam berayotganini isbotlovchi videoni chop etganlar.
"Men sudning qaroriga birorta ham so‘z aytmayman. Biroq unga ko‘nmaslikni ham, bo‘ysunishni ham istamayman", deb aytdi Erdo‘g‘an jurnalistlarga. "Bu yerda gap matbuot erkinligi haqida emas, josuslik haqida ketmoqda", deb qo‘shimcha qildi u.
Jurnalistlar ozodlikka chiqarilganiga qaramay, ularga umrbod qamoq jazosi hali ham xavf solmoqda. Keyingi sud yig‘ilishi 25 martda bo‘lib o‘tadi va bungacha jurnalistlarga mamlakatni tark etish man qilindi.