Jahon | 19:24 / 28.02.2016
8791
3 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In: Shimoliy Koreyaning 1,5 mln dan ko‘proq aholisi mamlakat himoyasi uchun qalqon bo‘lib turish istagini bildirdi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat aholisiga "vatan himoyasi uchun turishga tayyorligi" uchun minnatdorchilik ifodasi sifatida maktub yubordi. Unda oliy qo‘mondonlik 23 fevralda "amerikalik imperialistlar va Janubiy Koreya tuzumini qaqshatqich jazolash istagini bildirgan" hujjatni chop etgandan keyin, "1,5 mln dan ko‘proq xizmatchi, ishchi, o‘smir va qizlar ko‘ngilli tarzda Koreya xalq armiyasi saflarini to‘ldirish istagini bildirganlari" ta'kidlangan.

Kim Chen In maktubida Koreya Mehnat partiyasi "dushman kuchlarining ig‘vogarlik kirdikorlarini yo‘qqa chiqarishi va chuchxe g‘oyalari inqilobiy yo‘nalishi yakuniy g‘alabasiga erishishiga" ishonch bildirgan. Shimoliy Koreya yetakchisi AQShni "koreys xalqining "ashaddiy dushmani", Janubiy Koreya tuzumini esa "sotqinlar guruhi" deb atab, "qahramona Koreya xalq armiyasi agar dushman urush chiqarishga botinsa, uning qal'asini vayron qilib, uni tosh uyumiga aylantirishini" ta'kidlab o‘tdi.

23 fevralda Shimoliy Koreya Janubiy Koreya va AQShga zarbalar berish bilan tahdid qildi. O‘sha kuni Koreya xalq armiyasi oliy qo‘mondonligi chop etgan bayonotda "ayni lahzadan xalq respublikasi qurolli kuchlarining strategik va taktik vositalari dushman tomonidan zarracha ig‘vogarlik vaziyatida faol zarbalar berishga tayyor" deyilgan.

Chop etilgan hujjatga ko‘ra, Shimoliy Koreya zarba beradigan birinchi nishon Seuldagi "Chxonvade" (Moviy uy) prezident saroyi bo‘ladi. AQShning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi bazalari va AQShning qit'adagi qismi Shimoliy Koreya qurolli kuchlari zarba beradigan 2-nishon sifatida belgilangan.

Janubiy Koreya va AQShning mart va aprel oylarida birgalikda Key Resolve va Foal Eagle mashg‘ulotlarini o‘tkazishi Pxenyanning qattiq e'tiroziga uchragan. Shimoliy Koreyaning ta'kidlashicha, bu mashg‘ulotlar uning hududiga harbiy bostirib kirishga tayyorgarlik bo‘lib, ularning o‘tkazilishini bekor qilishni talab qilmoqda. Seulda esa bu mashg‘ulotlar "Pxenyan tomonidan o‘tkazilgan yadroviy sinovlar va uzoq ta'sir masofasiga ega raketalarning uchirilishiga javob bo‘ladi", deb aytilmoqda TASS xabarida.