Misr sayyohlik sohasi yo‘qotishlari 2,3 mlrd dollarni tashkil qildi
Misr sayyohlik sohasining 2015 yil noyabridan 2016 yil fevraligacha yo‘qotishlari 2,3 mlrd dollarni tashkil qildi, deb xabar bermoqda Misr sayyohlik vazirligidagi manbaga iqtibos keltirgan holda "Al-Gumxur" gazetasi.
Manba, shuningdek, yaqin oylarda Misrdagi xavfsizlik sohasidagi nobarqaror vaziyat va Rossiya samolyotining Sinay yarimoroli ustida falokatga uchrashi sababli sayyohlikdan olinadigan daromadlar yanada kamayishi mumkinligini aytmoqda.
Misr sayyohlikni faollashtirish boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra, Qohirada fevralda italiyalik talaba Julio Rejinining o‘ldirilishi sababli rossiyalik va britaniyalik sayyohlardan tashqari, Misr fevral-mart oyida 90 foiz italiyalik sayhyolarni ham yo‘qotishi mumkin.
Misr sayyohlik palatalari boshqarmasi rahbari Ilhom az-Zayatning aytishicha, "2016 yil Misr sayyohlik sohasi tarixida eng yomon yil bo‘ladi".
Misrda Rossiya samolyoti falokatga uchrashidan avval Misr 2015 yil oxirigacha 10 mln sayyohni qabul qilishni mo‘ljallagandi. Avgust oxirida bu ko‘rsatkich 6,6 mln kishini – 2014 yildagi shu vaqtdagi ko‘rsatkichdan 5 foiz ko‘proqni tashkil qilgandi. Misrga keladigan sayyohlar soni bo‘yicha Rossiya 1-o‘rinda, 2- va 3-o‘rinda Buyuk Britaniya va Germaniya, keyingi o‘rinlarda esa Italiya va Fransiya turadi.
Misr sayyohlik vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, sayyohlik sohasi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 11,3 foizini beradi hamda 14 foiz valyuta daromadlarini ta'minlaydi.