O‘zbekistonda hokimiyatlar tuzilishi yangilandi
Viloyatlar va Toshkent hokimiyatlari boshqaruv apparatida iqtisodiyotning asosiy boshqaruvi bekor qilindi va hududlarni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha jamlanma boshqaruv tashkil etildi.
Ushbu yangilanishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 22 fevraldagi qarorida belgilab o‘tilgan. Tuman va shahar hokimiyatlari tuzilishida ham shunday tegishli o‘zgarishlar amalga oshiriladi, deb xabar beradi "Gazeta.uz”
Hujjatda keltirilishicha, hududlarni har tomonlama va muvozanatli rivojlantirish, ularda mavjud tabiiy xom-ashyo, ishlab chiqarish va ishchi kuchlari salohiyatidan oqilona foydalanish, ishlab chiqaruvchi kuchlarni optimal taqsimlash va aholi yashash sifati va darajasini barqaror o‘sishini ta'minlash, qolaversa, mahalliy hokimiyatlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ushbu qaror qabul qilindi.
Yangi boshqaruvlar sanoat va kapital qurilishni rivojlantirish; qishloq xo‘jaligi (poytaxt hokimiyatidan tashqari); transport, muhandislik aloqalari va kommunal xizmatlar; ijtimoiy rivojlantirish, demografiya va aholi bandligi , shuningdek, jamlash bo‘limi bo‘linmalarini o‘z ichiga oladi.
Qarorga binoan, jamlanma bo‘limlarida faoliyat yuritishi uchun xodimlarni suhbatdan o‘tkazish va ishga qabul qilish bo‘yicha bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligida komissiya tashkil etildi. Boshqaruv organi xodimlarini, xususan, chet ellarda o‘qitish va tajribasini orttirish orqali malakasini oshirish tizimini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Qarorga asosan, viloyatlar va poytaxt hokimlari o‘rinbosarlari beshtadan oltitagacha ko‘paytiriladi – ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish, o‘z-o‘zini boshqaruv organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosar paydo bo‘ladi. Shahar va qishloq tumanlari hokimlari o‘rinbosarlarining majburiyatlari ham o‘zgartirilgan.