Nokia ringtonining dunyoda ommalashib ketishi sabablari
Adweek nashri Nokia’ning mashhur ringtoni yaratilishi tarixini eslab o‘tdi. Bu rington dunyoda eng ko‘p yangrovchi kuylardan biri hisoblanadi.
Yaqinlarda 13 ta notadan tashkil topgan bu rington mobil inqilobining kuyi hisoblangan. O‘tgan o‘n yillikning smartfon ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyasi Nokia dizayn va texnologiyalar sohasida bosh yaratuvchi bo‘lgan.
Nyu-Yorkdagi musiqa brendingi studiyasi Audiobrain asoschisi Odri Arbini auditoriya bilan suhbatlashganda "Bu kuyni top" o‘yinini o‘ynashni yaxshi ko‘radi. Arbini Intel, NBC va boshqa kompaniyalarning bir nechta jinglini ketma-ket qo‘yadi, so‘ngra tinglovchilardan kuy qaysi brendga tegishli ekanini so‘raydi. O‘yin bir vaziyatdan tashqari, doimo turlicha yakunlanadi.
"Men Nokia ringtonini bilmaydigan hali biror odamni uchratmagan. Bu kuyni darrov topishadi", deb aytdi Arbini.
Nokia’ning original kuyi dunyoda eng ko‘p yangrovchi kuylardan biridir.
Microsoft korporatsiyasi Nokia’ni 2013 yilda 7,6 mlrd dollarga sotib olganiga qaramasdan, dunyoda brendning milliardtaga yaqin telefonidan foydalaniladi. Nokia kuyi birinchi bor 20 yil avval yangragandan beri har soniyada taxminan 20 ming marta yangraydi.
Kuy 1902 yilda yozilgan. O‘shanda ispaniyalik gitarachi Fransisko Tarrega Gran Vals deb nomlanuvchi vals yaratgan.
Aynan shu valsning bir parchasini Nokia kompaniyasi 1992 yildagi reklama roligi uchun ishlatgan. Bu kuy kompaniyaning sobiq vitse-prezidenti Anssi Vanoki va aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti Lauri Kivinen tomonidan tanlangan. 1993 yilda esa tonal tovush signaliga ega Nokia 2110 telefoni paydo bo‘lgan. Brend telefon uchun Tarrega valsining bir parchasini olib, uni "Nokia tune" ringtoniga aylantirgan.
Bugun bu rington ustidan kuluvchilar u qanday ta'sirga ega bo‘lganini hattoki bilmaydilar. Birinchidan, kuy o‘ziga xosligi hisobiga kompaniyaga odamlar ongida uyali telefonlar va o‘z markasi o‘rtasida mustahkam bog‘lanishni yaratishga imkon bergan.
"Bu brendning taniluvchanligini oshirishga imkon bergan", deb aytdi Sixième Son audiobrending firmasi boshqaruvchi direktori Kollin Feyxi.
Chase Design Group dizayn-studiyasi prezidenti Kris Lourining ta'kidlashicha, Nokia ringtoni do‘stona va yoqimlidir. "Siz bu kuyda qandaydir o‘zgacha jozibani his qilgansiz, qurilma sizning e'tiboringizni qamrab olgan", deb aytadi Louri.
PH Media Group kompaniyasi direktori Den Lafferti Nokia ringtoni nafaqat kompaniya hayotida, balki uyali telefonning ommaviy madaniyatga kirishida ham muhim rol o‘ynaganini ta'kidlab o‘tdi. "Uyali telefonlar amaliy qo‘llanishidan tashqari, uning egasining mavqeini ifodalagan. Nokia ringtonining yaratilishi iste'molchilarga o‘zlarini boobro‘ his qilishga imkon bergan, chunki brend o‘sha vaqtda "boobro‘lik"ni anglatgan", deb ta'kidlab o‘tdi Lafferti.